Har yili anʼanaviy oʻtkaziladigan Pusan xalqaro koʻrgazmasi maxsus turizmni targʻib etish va marketing festivali boʻlib, koronavirus pandemiyasi tufayli uch yillik tanaffusdan soʻng birinchi marotaba uyushtirildi.
Koʻrgazmada dunyoning 40 dan ortiq davlatidan turizm sohasidagi tashkilotlar, mahalliy sayyohlik kompaniyalari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, sayohat, havo qatnovi va mehmonxona biznesi sohasida faoliyat yurituvchi xorijiy tashkilot va kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan yurtimiz tarixi, boy madaniyati va sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan Oʻzbekiston milliy stendi koʻplab tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Milliy stendda hunarmandchilik, zargarlik, yogʻoch oʻymakorligi, ipakchilik va boshqa xalq amaliy sanʼati namunalari, Oʻzbekistonning tarixiy-madaniy va meʼmoriy merosi, mamlakatimizda mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, shuningdek, turizm infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga oid videofilmlar namoyish etildi.
Tadbir doirasida Oʻzbekistonda turizmning ziyorat, ekologik, maʼrifiy, etnografik, gastronomik, sport, tadbirkorlik, yoshlar va oilaviy kabi yangi turlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida maʼlumot berildi.
Koʻrgazma ishtirokchilariga videomateriallar namoyishi orqali Oʻzbekistonning mashhur sayyohlik yoʻnalishlari, YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining qadimiy meʼmoriy yodgorliklari, mamlakatimizning turli hududlaridagi zamonaviy koʻngilochar markazlar, oʻzbek milliy taomlari va boshqa mavzularda maʼlumot berildi. Shuningdek, Samarqand shahrida barpo etilgan “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi imkoniyatlari toʻgʻrisida ham video va tarqatma materiallar taqdim etildi.
Oʻzbekiston koʻrgazmasi tomonidan mehmonlarga koreys va ingliz tillarida rang-barang bukletlar va boshqa axborot materiallari, esdalik sovgʻalari topshirildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston stendiga tashrif buyuruvchilar ishtirokida mahalliy ommabop ijtimoiy tarmoqlarda “#Uzbekistan”, “#visituzbekistan” shiori ostida aksiya tashkil etildi. Natijada, koʻrgazma davomida yuzlab xorijiy obunachilar oʻzlarining internetdagi sahifalarida Oʻzbekiston haqidagi suratlarni joylashtirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.