“Dunyo“ AAning xabar berishicha, suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Iordaniya munosabatlarini jadallashtirish, shuningdek, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar doirasidagi oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ikki doʻst davlat oʻrtasida mustahkam tarixiy va madaniy aloqalar mavjudligi alohida taʼkidlandi.

Siyosiy muloqotni kengaytirish istiqbollari, jumladan, turli darajadagi oʻzaro tashriflarni tashkil etish va qoʻshma tadbirlar, xususan, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlar va hukumatlararo komissiya majlislarini oʻtkazish orqali muhokama qilindi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish va qoʻshma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirdilar. Iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish boʻyicha aniq takliflar koʻrib chiqildi. Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, sayyohlik almashinuvini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xalq diplomatiyasini mustahkamlashning muhim vositasi sifatida Oʻzbekiston va Iordaniya poytaxtlarida Madaniyat kunlarini oʻtkazish zarurligi qayd etildi.