“Oʻzbekkosmos”: Qoʻshtepa kanali qirgʻogʻi Amudaryodan olinayotgan suv oqimi natijasida yuvib ketilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar haqiqatga mos kelmaydi

    Dolzarb 15 Dekabr 2023 1053

    2023-yil 12−13-dekabr kunlari Internet tarmogʻida “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasining ekspetlariga havola qilgan holda Afgʻonistonda qurilayotgan Qoʻshtepa sugʻorish kanalida birinchi jiddiy “avariya” yuz berganligi toʻgʻrisida maʼlumot tarqatilgan.

    Ushbu xabarlarga “Oʻzbekkosmos” agentligi izoh berishicha, Agentlik Qoʻshtepa kanali qurilishi dinamikasini kosmik monitoring orqali muntazam ravishda kuzatish natijasida qazish ishlari olib borilayotgan hududlarda 2022-yil may oyidan boshlab yer osti sizot suvlarining koʻtarilishini aniqlagan.

    Kosmik monitoring natijasida 2023-yil 4-noyabr kuni Qoʻshtepa kanalining 75,6-kilometrida oʻng qirgʻoqning 30 metrga yaqin qismidan suv sizib chiqishi aniqlangan. 5-noyabr kuni suv tarqalgan hududning maydoni 19,5 kilometr kvadrat, 25-noyabrda — 23,8 km kv., 13-dekabr holatiga esa 30,3 km kv.ni tashkil etib, suvni toʻxtatish choralari koʻrilmagan.

    Oʻz navbatida, kanal qurilishiga masʼul afgʻon muhandislari yer osti sizot suvlarining meʼyorini nazorat qilish maqsadida kanalning 75,6-kilometrida suv maqsadli ravishda ochiq hududga yoʻnaltirilganligini taʼkidlamoqda.

    Qoʻshtepa kanali qurilishi dinamikasining kosmik monitoringi inshootning Amudaryodan suv olish qismida qazish ishlari yakunlanmaganligi, daryoga ulanish joyida hozirda 20 metrga yaqin qazilmagan hududning mavjudligini koʻrsatmoqda.

    Shu bilan birga, oʻta yuqori aniqlikdagi kosmik suratlarning tahlili natijasida sizot suvlarini tashqariga yoʻnaltirish uchun kanal qirgʻogʻida maqsadli ravishda qazish ishlari olib borilganining (maxsus texnikaning ishlatilishi, qazib olingan tuproq hajmining paydo boʻlishi va hokazolar) vizual belgilari aniqlanmadi.

    Bundan tashqari, mavjud materiallar suv sizib chiqish joyi atrofida hozirda sizot suvlari kamayib, kanal tubi asta-sekin qurib borayotganini koʻrsatmoqda.

    “Shunday qilib, oʻtkazilgan tahlillar internet tarmogʻida tarqatilayotgan „Chegara bilmas daryolar“ xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlarining Qoʻshtepa kanali qirgʻogʻi Amudaryodan olinayotgan suv oqimi natijasida yuvib ketilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlari haqiqatga mos kelmasligini, sizib chiqqan suv — sizot suvlari ekanini tasdiqlaydi” — deyiladi agentlik xulosasida.