Yuqoridagi holatlarni oʻrganish maqsadida, “Oʻzbekneftgaz” AJning mutaxassislari tomonidan Sirdaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi ayrim xususiy AYOQSHlarda va neft bazalarga qarashli boʻlgan AYOQSHlarda aholiga sotilayotgan avtobenzin va dizel yonilgʻilaridan mart-aprel oylarida amaldagi meʼyoriy hujjatlar talablariga binoan namunalar olindi.
Olingan namunalar “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodining akkreditatsiyadan oʻtgan kimyo-nazorat laboratoriyasida tahlildan oʻtkazildi.

Tahlil natijalariga koʻra, afsuski, AYOQSHlarda sotilayotgan avtobenzin va dizel yonilgʻisi sifat koʻrsatkichlari amaldagi meʼyoriy hujjatlar bilan belgilab berilgan koʻrsatkichlardan farq qilinishi, yaʼni sifat koʻrsatkichlari talabga javob bermasligi aniqlandi.
Aniqlangan sifatsiz avtobenzin va dizel yonilgʻisi mahsulotlari import asosida olib kelinayotgan neft mahsulotlari jumlasiga kirganligini, maʼlumot tariqasida mutasaddi tashkilotlar va isteʼmolchilar eʼtiboriga havola qilishni “Oʻzbekneftgaz” AJ maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.
Shuni qayd etish lozimki, avtobenzin va dizel yonilgʻisining sifat koʻrsatkichlarining talab darajasida boʻlmasligi avtotransport vositalari va qishloq xoʻjaligi texnika vositalarining holatiga, atrof muhitga salbiy taʼsirini oshiradi.