Bu borada Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari departamenti hamda Transport va maxsus texnika departamenti mutaxassislari tomonidan oʻzaro hamkorlikda loyihaoldi oʻrganishlari olib borildi va maʼlumotlar tahlili amalga oshirildi.
Oʻrganishlardan kelib chiqib, Axborot tizimlarini joriy etish boʻlimi tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimining texnik loyihalari ishlab chiqildi. Texnik topshiriqlar asosida tizim uchun maʼlumotlar bazasi strukturalari shakllantirilib, dasturiy modullar yaratildi.
Hozirgi kunda ishlab chiqilgan texnik hujjatlar asosida mazkur axborot tizimlari test rejimida sinovdan oʻtkazildi va ishga tushirildi.
Mazkur tizim zamonaviy sunʼiy yoʻldosh monitoringi texnologiyalari yordamida “Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli transport vositalari harakatini kuzatish, transport vositalarining onlayn monitoringini amalga oshirish, ularning harakatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, haydovchilar, yoʻlovchilar va tashilgan tovarlar xavfsizligini taʼminlash, haydovchilarning ish soatlarini toʻgʻri nazorat qilish kabi vazifalarni oʻz ichiga oladi.
Taʼkidlab oʻtish kerakki, transport vositalari harakatini nazorat qilish orqali samaradorlikka erishish dastlab Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, korxonadagi barcha texnik avtotranstport vositalarida “GPS monitoring” tizimi oʻrnatilgan.
Bu orqali transport vositalarining harakati kuzatib borilishi barobarida ularning ishlab chiqarishga ijobiy taʼsiri ham oʻrganiladi.
Xulosa qilib aytganda, “GPS monitoring” avtomatlashtirilgan axborot tizimi “Oʻzbekneftgaz” AJda transport vositalari harakatini kuzatish, transport vositalarining onlayn monitoringini amalga oshirish barobarida shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati