Raqamli tibbiyot xalqimiz ogʻirini yengil qilishga xizmat qiladi

    Xalqimizda “Sogʻliq — oltindan qimmat” degan hikmatli naql bor. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bilimli va sogʻlom avloddir.

    Oʻtgan sakkiz yilda “inson qadri uchun” tamoyili doirasida sogʻliqni saqlash tizimini tubdan yangilash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va xalqimiz manfaatiga xizmat qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

    Joriy yil 19-avgust kuni Prezidentimiz sogʻliqni saqlash tizimini transformatsiya qilish va tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishib, soha uchun uzoq istiqbolga qaratilgan vazifalarni belgilab berdi. Xususan, klinik protokollarni xalqaro standartlarga moslashtirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, bosqichli va samarali tibbiy yordam tizimini shakllantirish, tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida akademik va dual imkoniyatlarni kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikda yuksak malakaga ega kadrlar tayyorlash shular jumlasidan.

    Globallashuv va iqlim oʻzgarishi sharoitida turmush tarzi tezkor oʻzgarib, stress, gipodinamiya va ovqatlanish madaniyatidagi xatarlar kuchaygani uchun “yuragim ogʻriyapti”, “qon bosimim oshyapti”, “insult oʻtkazdim” degan gaplar odamlar orasida tobora koʻpaymoqda. Shu bois, kardionevrologik kasalliklarni “profilaktika–skrining–shoshilinch yordam–reabilitatsiya” zanjirida boshqarish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Taqdimotda taklif etilgan tashabbuslar — 1 ming 500 ta klinik protokolni yangilash, insult va miokard infarktini erta aniqlash, davolashda sunʼiy intellektdan foydalanish, milliy nevrologiya hamda neyroreabilitatsiya amaliyotiga davlat standarti darajasida yagona klinik yoʻriqnomalarni joriy etish, “oltin soat” algoritmlarini tez yordamdan boshlab angionevrologiya va kardiologiya boʻlimlarigacha uzluksiz tatbiq etish, telemeditsina va klinik registrlar orqali tezkor qaror qabul qilish sifatini oshirishni taqozo etadi.

    Bunday innovatsion yondashuvlar birinchi boʻgʻin shifokorlarining xavf omillarini erta aniqlash imkoniyatini kuchaytiradi, trombolizis va angiografiya kabi yuqori texnologiyali davolashni standartlashtiradi, kognitiv funksiyalarni tiklashga qaratilgan kompleks reabilitatsiyani hayotga keng tatbiq etish imkoniyatini taqdim etadi. Natijada aholi salomatligi mustahkamlanadi, oʻlim va qayta xastalanish holatlari kamayadi, nogironlik (imkoniyati cheklanganlik) va mehnatga layoqatsizlik koʻrsatkichlari pasayadi, sogʻliqni saqlash xarajatlarining samaradorligi esa oshadi.

    Shu bilan birga, tibbiyot oliy taʼlimi tizimi uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Ayniqsa, faoliyatining yangi bosqichiga qadam qoʻygan Toshkent tibbiyot universiteti ushbu jarayonda yetakchi oʻrinni egallab, zamonaviy klinik protokol va algoritmlarni amaliyotga joriy etmoqda. Shu bilan birga sunʼiy intellektga asoslangan innovatsion yondashuvlarni tatbiq qilayapti va xalqaro standartlarga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni tizimli yoʻlga qoʻymoqda. Innovatsion yondashuv nafaqat respublika tibbiyotini global talablarga moslashtiradi, balki taʼlim va ilmiy-tadqiqot integratsiyasini chuqurlashtiradi, xorijiy hamkorlik asosida mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytiradi hamda milliy sogʻliqni saqlash tizimini zamonaviy standartlar asosida qayta institutsional tashkil etishda malakali kadrlar tayyorlashni dolzarb masala sifatida qoʻymoqda.

    Soʻnggi sakkiz yilda amalga oshirilgan ulkan institutsional islohotlar aholi hayoti sifatiga sezilarli ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Buni quyidagi raqamlar yaqqol tasdiqlaydi: oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 2017-yilda 73,1 yilni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilga kelib 74,5 yilga yetdi. Bolalar oʻlimi koʻrsatkichi esa 2016-yilda har 1000 chaqaloqqa 13,5 holatdan 2023-yilga kelib 9,8 holatgacha pasaydi. Ushbu dinamika onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan davlat siyosati samaradorligini koʻrsatadi.

    Yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida malakali kadrlar tayyorlash tizimi strategik ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan. Chunki sifatli tibbiy xizmat, avvalo, yetarli salohiyatga ega mutaxassislar tayyorgarligi, ularning zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga egaligi bilan chambarchas bogʻliq. Shuning uchun ham soʻnggi yillarda mamlakatimizda tibbiy taʼlim tizimi mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgan. Ayni paytda Oʻzbekistonda 11 ta davlat tibbiyot oliy taʼlim muassasasi hamda 14 ta nodavlat universitet soha uchun kadrlar tayyorlash jarayonida faol ishtirok etmoqda. Bu raqam nafaqat OTMlar sonining koʻpayganini, balki taʼlimga xususiy sektorning ham faol jalb etilganini anglatadi.

    Tibbiyot taʼlimidagi yana bir muhim qadam xalqaro hamkorlik va integratsiya jarayonlaridir. Ayniqsa, Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Belarus, Turkiya, Ukraina, Hindiston, Italiya, Xitoy, Polsha kabi mamlakatlarning 25 ta yetakchi universiteti bilan imzolangan hamkorlik shartnomalari asosida qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyildi. Ular doirasidagi 12 ta bakalavriat, 14 ta magistratura, 11 ta klinik ordinatura yoʻnalishlari fikrimiz misolidir. Bu tibbiy taʼlimning mazmuniy jihatdan yangilanishi, xalqaro talablarga mos mutaxassislarni yetishtirishga yoʻnaltirilgan tizimli integratsiyalashuv natijasi.

    Rossiya, AQSH, Hindiston, Pokiston, Turkmaniston, Qozogʻiston va boshqa 20 dan ortiq mamlakatdan kelgan 6 mingga yaqin xorijlik talaba milliy tibbiyot taʼlim tizimining muhim boʻgʻiniga aylanmoqda. Bu esa mamlakatimiz tibbiy taʼlimiga boʻlgan xalqaro ishonch va nufuzning oshganini ifodalaydi.

    Darvoqe, oʻrta bugʻin kadrlarini tayyorlashda ham tizimli yondashuv shakllantirildi. Davlat rahbarining qaroriga muvofiq, Abu Ali ibn Sino nomidagi 74 ta jamoat salomatligi texnikumi tashkil etildi. Bu muassasalarda 7 ta ixtisoslik boʻyicha tibbiyot kollejlari bazasida qayta shakllantirilgan taʼlim tizimi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Chilonzordagi Abu Ali ibn Sino texnikumi negizida Hamshiralar akademiyasi va uning tarkibida Turkiyaning sogʻliq bilimlari universiteti fakulteti tashkil etildi. Bu, oʻz navbatida, hamshiralik taʼlim tizimini xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilishga xizmat qilmoqda. Muhimi, amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Toshkent tibbiyot universitetidagi bakalavriat, magistratura, klinik ordinatura va malaka oshirish yoʻnalishlariga oid 20 ga yaqin taʼlim dasturi IAAR — Taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha mustaqil xalqaro agentlik tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazildi va xalqaro sertifikatlarga ega boʻldi. Bunday jadal raqamlashuv yurtimizdagi tibbiy taʼlim sifatining xalqaro mezonlar darajasida ekanligini anglatadi.

    Sohadagi samradorlik 2025–2026-yillarda tibbiyot oliy taʼlimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar soha uchun yuqori bilimli, amaliy koʻnikmalarga ega va xalqaro standartlarga mos mutaxassislar tayyorlashni taʼminlash imkonini beradi. Akademik rivojlanish sogʻliqni saqlash tizimining umumiy samaradorligi va jahon standartlari darajasidagi tibbiy xizmat koʻrsatishga olishi tabiiy.

    Islohotlar mezoni inson qadrini ulugʻlash, tibbiy xizmatni inson manfaatiga yanada yaqinlashtirishga, raqamli, sifatli va adolatli tizimni yaratishga yoʻnaltiriladi. Bugungi kunda mazkur jarayonlar izchil davom ettirilib, sogʻlom va barkamol millat barpo etishda strategik asos sifatida xizmat qiladi.

    Tibbiyot sohasini yanada takomillashtirish maqsadida taqdimotda taʼkidlandiki, har bir viloyatda 2 tadan namunaviy tuman yoki shahar ilgʻor tibbiy xizmat markazi sifatida shakllantiriladi. Shu bilan birga, 7 ta ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi va 2 ta oliy taʼlim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilmoqda.

    Sogʻliqni saqlash tizimida tibbiy xizmatlar sifatini va xavfsizligini oshirishga qaratilgan standartlar amaliyotga tatbiq qilinadi. Patronaj xizmatlarini kengaytirish, aholini erta diagnostika va profilaktika bilan qamrab olish borasida ustuvor vazifalar belgilanadi. Erishilayotgan natijalar davlat rahbarining malakali kadrlar tayyorlash, soha infratuzilmasini yangilash va tibbiyotni raqamlashtirishga qaratilgan izchil siyosati hamda yoʻnaltirilayotgan katta investitsiyalar bilan uzviy bogʻliq. Prezidentimizning doimiy eʼtibori tufayli tibbiyot oliy taʼlimi tizimi tubdan yangilanmoqda. Bu jarayon Toshkent tibbiyot universiteti misolida yaqqol koʻrinib turibdi: taʼlim jarayoni xalqaro standartlar darajasiga koʻtarilmoqda, klinik protokol va algoritmlar amaliyotga joriy etilmoqda. Shuningdek, sunʼiy intellektga asoslangan innovatsion yechimlar tatbiq etilib, ilmiy-tadqiqot va taʼlim integratsiyasi kuchaytirilayapti. Bunday oʻzgarishlar respublika tibbiyotining global talablarga moslashuvini tezlashtiradi, mutaxassislar tayyorgarligi sifatini oshiradi va aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Shu maʼnoda, yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan institutsional tibbiyot islohotlari Prezidentimizning malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan ustuvor siyosati hamda tibbiyot oliy taʼlimini jahon standartlariga integratsiya qilish yoʻlidagi izchil qadamlari bilan chambarchas bogʻliq.

    Yigʻilishda Prezidentimiz professional va oliy tibbiy taʼlimni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratayotgani ham shundan dalolat beradi. Tibbiyot oliy taʼlimi oldiga institutsional va amaliy rivojlanishning ustuvor vazifalari qoʻyildi. Jumladan, Hamshiralar akademiyasini Toshkent davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Professional tibbiyot akademiyasiga aylantirish taklifi bildirildi. Yangi akademiya orqali xalqaro hamkorlar bilan qoʻshma dasturlar joriy etiladi, hamshiralar NCLEX imtihoni asosida xalqaro sertifikat olish imkoniyatiga ega boʻladi. Shu bilan birga, oliy maʼlumotli hamshiralar tayyorlash yoʻnalishida qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirilishi taʼlim jarayonida qamrov va sifatni yanada yaxshilaydi.

    Taqdimotda tibbiyot oliy taʼlimi islohotlari doirasida barcha dasturlarni xalqaro tashkilotlar talablari asosida akkreditatsiyadan oʻtkazish, oilaviy tibbiyot boʻyicha integratsiyalashgan taʼlim dasturini joriy etish hamda bir yillik internatura tizimini qayta yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilab berildi. Shuningdek, “bemor yonida” oʻqitish usulining ulushini oshirish, bilimlarni baholashning ikki bosqichli tizimini joriy etish va tibbiyot xodimlarini yagona roʻyxatga olish tizimini bosqichma-bosqich amalga oshirish orqali kadrlar tayyorlash sifati yanada yuksalishi qayd etildi.

    Taqdimotda alohida yoʻnalish sifatida jamoat salomatligini mustahkamlash belgilandi. Chunonchi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi faoliyati endilikda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, onalar va bolalar oʻlimi koʻrsatkichini pasaytirish, turli jarohatlanish holatlarining oldini olishga yoʻnaltiriladi. Shu maqsadda milliy dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Mazkur dastur tibbiyot oliy taʼlimi tizimida ham aholi salomatligini saqlash sohasiga oid amaliy yoʻnalishlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.

    Qon xizmati masalasi ham dolzarb yoʻnalish sifatida koʻrib chiqildi. 2026–2030-yillarga moʻljallangan dasturga koʻra, tibbiyot muassasalarining qon bilan taʼminlanish darajasi 100 foizga yetkaziladi. Shuningdek, qon preparatlari ishlab chiqarish, qon xavfsizligini taʼminlashning zamonaviy usullari, jumladan, viruslarni inaktivatsiya qilish va nurlantirish texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan. Bunday chora-tadbirlar oʻlim holatlarini kamaytirish va qonga boʻlgan ehtiyojni samarali qondirishga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan tibbiyot oliy taʼlimi muassasalarida qon xizmati mutaxassislarini tayyorlash va qayta malaka oshirish dasturlarini joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

    Farmatsevtika sohasi ham alohida eʼtibor markazida. Bugungi kunda mamlakatimiz farmatsevtika bozori hajmi 2 milliard dollardan oshgan. Islohotlarning asosiy maqsadi aholini sifatli, xavfsiz va samarali dori vositalari bilan taʼminlashdir. Shu maqsadda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti mezonlariga asoslangan Roʻyxatdan oʻtkazish tizimini joriy etish, jenerik preparatlarning bioekvivalent sinovlarini tashkil etish, tibbiy buyumlarni xavfsizlik sinflari boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishning tabaqalashtirilgan tizimini yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi. Shu bilan birga, ishlab chiqarish faoliyatini boshlash uchun “xabardor qilish” tartibini joriy etish va shartnoma asosida texnologiyalar transferi mexanizmlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Farmnazoratning zamonaviy tizimini tatbiq etish esa sohaga ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish imkonini beradi.

    Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar tibbiy xizmat samaradorligini oshirish, aholining sogʻlom turmush tarzini taʼminlash va kasalliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Bu jarayonda tibbiyot oliy taʼlimi markaziy oʻrin egallab, malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy salohiyatni yuksaltirish va xalqaro tajriba bilan integratsiyani taʼminlash orqali soha rivojining yangi bosqichiga zamin yaratmoqda.

    Prezidentimiz taʼkidlaganidek, tibbiyot kadrlarini tayyorlashda zamonaviy protokollar va innovatsion yondashuvlarni joriy etish, xalqaro tajribani oʻzlashtirish soha rivojining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Hamshiralar akademiyasini Professional tibbiyot akademiyasiga aylantirish, oliy maʼlumotli hamshiralar tayyorlash yoʻnalishini kengaytirish, internatura va integratsiyalashgan taʼlim dasturlarini joriy etish kabi tashabbuslar esa tibbiyot oliy taʼlimida yangi bosqichni boshlab bermoqda.

    Kelgusida amalga oshirilayotgan islohotlar tibbiyot oliy taʼlimi tizimini xalqaro standartlarga toʻliq mos holda modernizatsiya qilish, kadrlar salohiyatini oshirish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada kuchaytirish imkonini yaratadi. AQSH, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlar oliy tibbiyot muassasalari bilan akademik almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish orqali talabalar va professor-oʻqituvchilar xalqaro maydonda bilim va tajriba orttirishi taʼminlanadi. Bu jarayon nafaqat bilim va koʻnikmalar almashinuviga, balki qoʻshma tadqiqotlar, ilmiy hamkorlik hamda zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq qilishga xizmat qiladi.

    Oʻtgan 8 yil ichida tibbiyot oliy taʼlimi muassasalarida “taʼlim–fan–amaliyot” uygʻunligi kuchayishi natijasida yosh mutaxassislar nazariy bilim bilan cheklanib qolmasdan, klinik sharoitlarda amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishmoqda. Bu esa tibbiyot muassasalarida dual taʼlim sifati sezilarli darajada oshishiga, aholi salomatligini muhofaza qilishda yangi bosqichga koʻtarilishga zamin yaratadi.

    Taʼkidlash joizki, yaqin yillarda tibbiyot oliy taʼlimi tizimi orqali yuzlab yoʻnalishlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanishi kutilmoqda. Akademik almashinuv va xalqaro rezidentura dasturlari doirasida kadrlar klinik protokollar, innovatsion texnologiyalar va ilgʻor amaliyot usullarini toʻliq oʻzlashtirish imkoniyatiga ega boʻladi. Shu bilan birga, Toshkent davlat tibbiyot universiteti hamda hududiy tibbiyot oliy oʻquv yurtlari yetakchi xorijiy universitetlar bilan strategik hamkorlik yoʻlga qoʻyishi orqali Oʻzbekiston tibbiy taʼlimi jahonning yuqori reytingdagi muassasalari qatorida integratsiyalashishi asosiy maqsad qilib belgilanmoqda.

    Xalqaro akademik integratsiya milliy tibbiyot maktabining ilmiy imijini yuksaltirishi barobar, qoʻshma tadqiqotlar va startap-loyihalar koʻlamini kengaytiradi, yangi patentlar va innovatsiyalarga zamin yaratadi. Bir soʻz bilan aytganda, “bemor yonida” oʻqitish usuli hamda telemeditsina imkoniyatlari talabalarning amaliy bilimlarini mustahkamlab, ularni zamonaviy tibbiyotning global talablariga toʻliq javob bera oladigan mutaxassis sifatida shakllantiradi.

    Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar tibbiyot oliy taʼlimi tizimini tubdan yangilash, uni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va jahonning rivojlangan mamlakatlari akademik tibbiyot tajribasi bilan chuqur integratsiya qilishga xizmat qilmoqda. Prognozlarga koʻra, istiqbolli integratsiyalashuv kelgusida nafaqat yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlaydi, balki Oʻzbekistonning mintaqaviy tibbiy taʼlim va ilmiy markaz sifatida global miqyosda nufuzini oshirish, tibbiyot fanining innovatsion taraqqiyotida yetakchi oʻrinlardan birini egallashi uchun mustahkam asos yaratadi.

    Shuhrat BOYMURODOV,

    tibbiyot fanlari doktori, professor