"Oʻzbekneftgaz”ning moliyaviy hisobotiga “Ernst & Young” kompaniyasi ijobiy xulosa berdi

    Jahondagi yirik toʻrtta auditor-konsalting kompaniyalaridan biri hisoblangan, “Ernst & Young” kompaniyasi tomonidan “Oʻzbekneftgaz” AJning 2016–2020-yillardagi hisoboti uchun ijobiy auditorlik xulosalari berilgan edi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari (MHXS) asosidagi konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotning tuzish va uni auditdan oʻtkazish boʻyicha yana bir yutuqqa erishdi.

    Mamlakatimizning yoqilgʻi-energetika va gaz-kimyo sohasida yetakchi hisoblangan “Oʻzbekneftegaz” AJ oʻz tarixida va respublikadagi yirik ishlab chiqarish kompaniyalari ichida birinchilar qatorida MHXS asosida 2021-yil uchun tuzilgan toʻliq konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotiga “Ernst & Young” auditorlik kompaniyasidan, xorijiy kreditor va investorlar tomonidan belgilangan muddatlardan oldin, ijobiy auditorlik xulosasi olindi.

    Taʼkidlash joizki, 2021-yil uchun MHXS asosidagi konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tayyorlash va auditdan oʻtkazish yoʻnalishidagi ishlar “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi Raisi Mehriddin Abdullayevning tashabbusi bilan 2021-yilning noyabr oyida boshlab yuborilgan edi. Jamiyat xodimlari tomonidan joriy yilning mart oyi oxirigacha MHXS asosidagi konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot loyihasi tayyorlandi va may oyining boshlarida “Ernst & Young” auditorlik kompaniyasi mutaxassislari tomonidan tekshirib chiqildi. Oʻz navbatida auditorlik kompaniyaning mutaxasisslari ham joriy yilning fevral oyidan boshlab auditorlik amallarini boshlab yuborishdi va iyun oyining boshlarida toʻliq tugatishdi.

    Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida tuzilgan mazkur hisobot va auditorlik xulosasi jahondagi nufuzli reyting agentliklari: “Fitch Ratings”, “S & P Global Ratings” va “Moodyʻs”, yirik xorijiy banklar “City Bank”, “Mitsubishi UFJ Financial Group”, “JPMorgan Chase & Co”, “China Development Bank”, “Gazprombank”, “VEB.RF” va boshqalar potensial xorijiy investorlarga, xalqaro konsalting va yuridik kompaniyalarga ham taqdim etildi.

    “Oʻzbekneftegaz” AJ rahbariyati tomonidan olib borilgan keng koʻlamli ishlar natijasida, MHXS asosida 2021-yilning birinchi yarim yilligi uchun tuzilgan oraliq konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot boʻyicha “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan ijobiy auditorlik sharhi (xulosasi) 2021-yilning 24-oktyabrida, yaʼni belgilangan muddatlardan 10 kun oldin olingan edi.

    Eslatib oʻtish lozimki, 2021-yilning 29-sentyabr va 22-oktyabrida jahon miqyosida koʻpchilik yirik investorlar tan oladigan “Fitch Ratings” va “Standard & Poors Global Ratings” xalqaro reyting kompaniyalari tomonidan “Oʻzbekneftgaz” AJga “VV-“darajasida “barqaror” prognozi bilan kredit reytingi taqdim etilgan edi.

    MHXS asosida 2021-yil uchun eʼlon qilingan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot va ijobiy auditorlik xulosasi ushbu reyting darajasini saqlab qolish va yuksaltirishda muhim axborot manbai boʻlib xizmat qiladi. Zero, xorijiy yirik investorlar uchun maʼlumot manbai boʻlib, avvalo MHXS asosida tayyorlangan va jahon miqyosidagi “katta toʻrtlik”ga kiruvchi auditorlik kompaniyasining ijobiy auditorlik xulosasiga ega boʻlgan moliyaviy hisobot sanaladi.

    Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari asosida 2021-yil uchun konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisoboti uchun “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan ijobiy auditorlik xulosasi mavjudligi “Oʻzbekneftegaz” AJ tomonidan keyingi yutuqlarga erishish, shu jumladan xalqaro fond bozorlarida oʻz aksiyalarini joylashtirish muhim turtki boʻlib xizmat qiladi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati