O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'simliklar karantini davlat inspeksiyasi Rossiya Federasiyasining Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo'yicha Federal xizmatining rahbariyati bilan olib borilgan muntazam muzokaralar va maslahatlashuvlar natijalariga ko'ra, Rossel`xoznadzor tomonidan joriy yilning 18 dekabridan boshlab Farg'ona viloyatida joylashgan 7ta korxonadan Rossiya Federasiyasi hududiga pomidor va qalampir mahsulotlarini olib kirishga ruxsat berilgani to'g'risida xabar beradi. Ushbu korxonalarda pomidor va qalampir mahsulotlarida 2020 yilda EOII davlatlari uchun karantin ob'ektlar va pomidor jigarrang bujmayishi virusi aniqlanmagan.  Rossel`xoznadzor rasmiy veb saytida e'lon qilingan ma'lumotga ko'ra, mazkur qaror O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan Farg'ona viloyatidagi etishtiruvchi hududlarni o'rganish natijalari va issiqxonalarning holatini tahlil qilish to'g'risidagi taqdim etilgan ma'lumotlar asosida qabul qilingani ko'rsatilgan.

Dastlabki bosqichda pomidor mahsulotini MCHJ “Golden Tree” (Ko'shtepa tumani), FX “Farxod Rancho” (Kuvasoy sh.), MCHJ “Fargona Ziyo quruvchi” (Kuvasoy sh.) hamda qalampir mahsulotini FX “Novaya volna” (Oltiariq tumani), MCHJ “Jilokor Zamini” (Dang'ara tumani), MCHJ “Saodatli Dil Farovon” (Dang'ara tumani), MCHJ “Yuldashev eldor” (Beshariq tumani) korxonalaridan olib kirishga ruxsat etildi.

Shu bilan bir qatorda, O'simliklar karantini davlat inspeksiyasi Rossel`xoznadzor bilan vaqtinchalik cheklovlarni bekor qilish yuzasidan muvofiqlashtirilgan qo'shma tadbirlar davom etayoganini ma'lum qiladi.