Qayd etilishicha, fuqaro O.L.S. tomonidan ixtiyoriy ravishda taqdim etilgan “30 SLIMMING” va “MAX SLIM” nomli jami 13 ming 470 dona mahsulot Bojxona qoʻmitasining Markaziy bojxona laboratoriyasiga ekspertiza uchun yuborildi. Xulosaga koʻra, ushbu vositalar tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi modda — sibutramin mavjudligi aniqlandi.
Maʼlumki, sibutramin ayrim davlatlarda taqiqlangan modda hisoblanadi. Uni nazoratsiz qabul qilish yurak-qon tomir tizimi faoliyati buzilishi, qon bosimi oshishi, insult va infarkt xavfining ortishi kabi ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, “ozdiruvchi vosita” sifatida yashirin tarzda sotilishi aholini, xususan ayollarni chalgʻitish orqali ularning sogʻligʻiga jiddiy zarar yetkazish xavfini kuchaytiradi.
Tezkor tadbir davomida jinoyat zanjirini toʻliq fosh etish maqsadida “tezkor eksperiment” oʻtkazilib, mahsulotlarning asosiy manbaiga chiqildi. Natijada Oʻrikzor savdo majmuasidagi bir nechta doʻkonda qoʻshimcha ravishda 15 ming 504 dona shubhali dori vositalari borligi aniqlandi.
Jami 28 ming 974 dona, taxminiy qiymati 500 million soʻmlik dori vositalari, shuningdek tarkibida sibutramin mavjud “ozdiruvchi ayollar qahvasi” daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi va tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yana bir bor shuni koʻrsatmoqdaki, noqonuniy aylanmadagi “moʻjizaviy ozdiruvchi” mahsulotlar ortida inson salomatligiga jiddiy tahdid yotadi. Bojxona organlari tomonidan bunday holatlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.