Ayniqsa, u yillari poytaxtga koʻchib kelishning hal qilib boʻlmas muammolari bor edi. Biri “propiska” boʻlsa, ikkinchisi uy-joy masalasi.

Yaxshiyamki “propiska”ni talabalik paytimda bir amallab Toshkentga “doimiy”ga koʻchirgan ekanman. Endt ayolim va farzandlarimni doimiy roʻyxatga qoʻyish kerak. Ikki xonali uyimiz bor. Oʻzim shu manzilda doimiy roʻyxatda turaman, lekin oila aʼzolarimni “propiska”ga qoʻyishning azobini asti qoʻyaverasiz. Hali unga bor, hali bunga... Bir pasport stoldan unisiga, unisidan bunisiga yugur-yugur. Nachora, shu ishni oxirigacha yetkazmasam, bolalarim bogʻchaga ham, maktabga ham borolmaydi. Hatto, mahalla “uchastkavoyi” doimiy roʻyxatda turmas ekan, deb oilamni koʻchaga chiqarib yuborishgacha borishi choʻt emas. Xullas, viloyat bilan poytaxt orasida qatnayverib, nihoyat bu muammoni ham hal qildik.

Shu bilan tugadimi, deysizmi? Yoʻq. Endi bolalarni bogʻcha, maktabga joylash masalasi bor edi. Uyimiz yaqinidagi bogʻcha va maktabga murojaat qildik. Oʻrin yoʻq ekan. Bu yogʻi qanday hal boʻlganini oʻsha paytlari shunday muammolarga duch kelganlar  yaxshi biladi...

Shularni yozayapmanu, koʻz oldimdan hammasi tizilib oʻtayapti. Ochigʻini aytsam, bugun u paytlardagi shunga oʻxshash koʻp mantiqsiz tartibotlar tashvishlarini unutib yuboribmiz. Bugungi oson va yengilgina bitayotgan ishlarimizning bari oʻzidan oʻzi boʻlayotgandek. Bu fikr oʻtgan hafta eski namunadagi haydovchilik guvohnomamni almashtirish uchun Davlat xizmatlari markaziga kirib, ishim oʻn besh daqiqada hal boʻlganida xayolimga keldi.

Eʼtibor qilyapsizmi, men oʻn besh kun yoki oʻn besh soat emas, bor-yoʻgʻi oʻn besh daqiqa deyapman. Nafsilambrini aytganda, siz ham, men ham bir vaqtlar, yaqin-yaqingacha hujjatlar toʻla sumkani koʻtarib idorama-idora sarson yurganlarni har kuni koʻp koʻrardik. Oʻzimiz ham ular qatorida edik.

Endi shunday tartib-qoida bilan bogʻliq navbatdagi bir voqeani aytib oʻtmasam boʻlmaydi. 2019-yili yana bir farzandli boʻldim. Unga tugʻilganlik haqida guvohnoma olishim, soʻng roʻyxatga qoʻyishim kerak.

Shu oʻy bilan tuman FHDYO boʻlimiga bordim. Kerakli hujjatlarni olib, bir pasda guvohnoma berishdi. Hatto, uyimiz yaqinidagi bogʻchaga navbatga qoʻyishganini ham aytishdi. Avvaliga, buyam bir yoʻlida, navbat kelganda biror bahona topib qabul qilolmaymiz, deyishadi deb oʻyladim. Unday boʻlmadi. Farzandim 3 yoshga toʻlgan kuni uni bogʻchaga olib borishim mumkinligi toʻgʻrisida Davlat xizmatlari markazidan telefonimga xabarnoma kelib tushdi. Bunga nima deysiz? Axir, biz farzandimizni bogʻchaga joylash uchun ancha sarson boʻlardik-ku...

Mana shu misollarning oʻziyoq keyingi yillarda “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat”, “Inson qadri uchun”, degan tamoyillar oddiy odamlar hayotida aks etayotganini koʻrsatadi.

Bugungi maqolamizda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilgan islohotlarning faqatgina bir yoʻnalishiga eʼtibor qaratishni istadik. Zero, bu borada amalga oshirilgan tub islohotlar, sayʼ-harakatlarni bitta maqolaga qamrab olish imkonsiz.

Demak, aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimidagi oʻzgarishlar haqida.

Taʼkidlash kerakki, Davlat xizmatlari agentligi tezkor, qulay va shaffof xizmatlari bilan qisqa muddatda har bir oilaga kirib bordi. Aholiga yaratilgan barcha sharoit vaqtni tejash, turli ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish imkonini berdi. Shu tariqa aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga qulay va tezkor davlat xizmatlarini taqdim etishning zamonaviy infratuzilmasi barpo etildi.

Bu qanday boʻlgan edi? Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimining sifat jihatidan yangi darajaga oʻtishini taʼminlash maqsadida 2017-yilda har bir tuman va shaharda Davlat xizmatlari markazi ish boshladi. Shu tariqa, soha isloh qilinib, “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi”, tamoyili asosida davlat xizmatlari koʻrsatish mexanizmi joriy qilindi.

Maʼlumotlarga koʻra, bu markazlar orqali koʻrsatilayotgan xizmat turlari besh yil davomida sakkiz barobar ortib, 37 tadan 302 taga yetdi. Ahamiyatlisi koʻrsatilayotgan xizmatlarning 57 tasi bepul. Hozir markazlarda 2 mingdan ziyod xodim mehnat qilmoqda.

2018–2023-yillar davomida aholi va tadbirkorlik subyektlariga 302 turdagi 47 milliondan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilgan.

Davlat xizmatlari koʻrsatish va ushbu sohani rivojlantirishda aholiga yanada qulaylik yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, soʻnggi 3 yilda davlat xizmati koʻrsatishni sifat jihatdan yaxshilash va modernizatsiya qilish boʻyicha 150 dan ortiq qonun hujjati ishlab chiqildi. Natijada 200 dan ortiq davlat xizmati qayta koʻrib chiqilib, soddalashtirildi, talab etiladigan hujjatlar soni 2 barobar qisqartirildi.

2017-yilga qadar tadbirkorlik subyektini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun kamida 5–6 turdagi hujjat talab qilingan boʻlsa, hozir faqat 1 ta hujjat asosida amalga oshirilib, bu jarayonda kompozit tarzda qoʻshimcha 4–5 ta xizmatdan foydalanish imkoni yaratilgan.

Yoki yana bir qulaylik. 2019-yilga qadar aholi va tadbirkorlar davlat xizmatlaridan faqat doimiy yashash joyi boʻyicha foydalana olar edi. Oʻsha yildan boshlab esa, jismoniy va yuridik shaxslar istalgan manzilda, eksterritorial tamoyil boʻyicha bu xizmatlardan foydalanish imkoni paydo boʻldi. Oʻtgan davr mobaynida shu imkoniyatdan 30 milliondan ortiq fuqaro va tadbirkor foydalandi. Xorijga chiqish biometrik pasporti va ID-karta rasmiylashtirish, FHDYO tizimidagi xizmatlar shular jumlasidan.

Natija: bu, avvalo, aholining vaqt va mablagʻini tejash imkonini berdi. Keling, yana bir misol keltiramiz. Yaqinda bir doʻstim ukasini Toshkentdagi uyiga doimiy roʻyxatga qoʻymoqchi ekanini, shu boʻyicha tuman pasport stoliga borib maʼlumot olishi kerakligini aytib qoldi. Shanba kuni edi, birga bordik.

Bu yerdagi xodim juda qisqa va aniq maʼlumot berdi. “Avval otangizni doimiy roʻyxatga qoʻyasiz. Buning uchun otangizning pasporti, ukangizning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi va uylanmaganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma olib kelasiz”, dedi. “Maʼlumotnomani Davlat xizmatlari markazidan olasiz”, qoʻshimcha qildi u. Toshkentdagi markazdan olsak ham boʻladimi, degan savolimizga “farqi yoʻq”, deb javob berdi. “Shu hujjatlarni olib kelsak, doimiy roʻyxatga qoʻyish uchun qancha kun kerak boʻladi?”. “Bir soatga ham bormaydi”, degan javobni eshitib ochigʻi hayron boʻldik. Tizim shunchalar oʻzgarib ketdimi?!

Qoyil. Avval-ku poytaxtga doimiy roʻyxatga qoʻyish haqida oʻylamasdik ham. Imkoni yoʻq edi. Bir amallab ilojini topgan taqdirda ham, olis tumandagi pasport stoliga borib, uzoq navbat kutib pasportni doimiy roʻyxatdan chiqarish kerak, buning uchun, avvalo, Toshkentdagi pasport stolidan maʼlumotnoma olib borish shart boʻlardi. Bunga haftalab vaqt, mablagʻ sarflardik.

Navbatdagi raqamlarga eʼtibor bering. 2017-yilga qadar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda 400 dan ortiq faoliyat turi uchun tegishli litsenziya yoki ruxsatnoma olish talab etilgan. Soʻnggi besh yilda esa ulardan 132 tasi bekor qilindi, shuningdek, bu yoʻnalishda 34 faoliyat turi xabardor etish tartibiga oʻtkazildi.

Bu jarayon yil sayin takomillashib, soddalashib bormoqda. Xususan, aholiga qulaylik yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim yoʻnalish – litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida Prezidentning 2020-yil 24-avgustdagi “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan litsenziyalash sohasida jami 52 tartib-taomil bekor qilindi hamda 23 faoliyatni vakolatli organni xabardor qilgan holda boshlash tartibi yoʻlga qoʻyildi. “Litsenziya” axborot tizimi ishga tushirilib, bugungi kunda 112 turdagi xizmat koʻrsatilmoqda.

Natija: litsenziya va ruxsatnomlardagi mavjud 15 mingdan ortiq talab va shartlar 2 barobar, litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirib berish muddati 2–3 barobar qisqartirildi. Ularni maxsus blankalarda chop etish uchun har yili sarflanadigan 13 milliard soʻmlik mablagʻ va tonnalab qogʻoz tejalishiga erishildi. Fuqarolarning 5–10 idoraga borib kelishiga chek qoʻyildi.

Toʻliq elektron tizim orqali 80 dan ortiq litsenziya beriladigan boʻldi. Natijada 40 ming fuqaroning litsenziyalovchi organlarga ovora boʻlib borib-kelish amaliyoti barham topdi. Bu shu kunga qadar aholi va tadbirkorlarning 2 milliard soʻmga yaqin mablagʻi tejalishiga yoʻl ochdi.

Yana bir ahamiyatli jihat. FHDYO arxivlarida saqlanayotgan qogʻoz shaklidagi 60 milliondan ortiq arxiv maʼlumotlari toʻliq raqamlashtirildi.

Tegishli qonunchilik hujjatlari bilan aholi va tadbirkorlik subyektlaridan 2019-yildan boshlab bosqichma-bosqich jami 120 hujjatni talab qilish bekor qilindi. 2019-yilga qadar bunday amaliyot mavjud emas edi. Natijada 120 turdagi hujjatlar qisqartirildi. Yiliga oʻrtacha 25 million aholiga qulaylik yaratildi, ularning 300 milliard soʻmdan ortiq mablagʻi tejalishiga erishildi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimidagi yangiliklar haqida koʻp gapirish mumkin. Shulardan biri 2021-yildan eʼtiboran ilk bor davlat xizmatlarini kompozit tarzda koʻrsatish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganidir. Hozirda 31 davlat xizmati oʻzaro kompozit tarzda koʻrsatilmoqda, 2 turdagi davlat xizmati proaktiv shaklda koʻrsatilmoqda.

2021–2022-yillar davomida 16 turdagi davlat xizmati uchun toʻlovlar miqdori keskin kamaytirildi, 2 turdagi xizmat uchun toʻlov undirish bekor qilindi.

2022-yildan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq toʻlovlar boʻyicha 50 foiz chegirma qoʻllanilishi yoʻlga qoʻyildi.

Biz bugun ijtimoiy davlat qurish yoʻlidamiz. Buni konstitutsiyaviy asosda ham mustahkamlab qoʻydik. Endi bu tamoyil epkinlarini xalqimiz oʻz hayotida sezishi uchun harakat qilmoqdamiz. “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan toʻlovdan ozod etilgani bu boradagi dastlabki qadamdir, deyish mumkin.

Bugungi kunda mamlakatimiz boʻyicha bir kunda oʻrtacha 45–50 ming aholi davlat xizmatlari markazlari xizmatidan foydalanmoqda. Xususan, birgina joriy yilning olti oyi davomida 5,5 milliondan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilgan.

Olis va chekka hududda yashovchi fuqarolarga yengillik yaratish, ularning vaqtini tejash maqsadida 900 mingdan ortiq sayyor (mobil) davlat xizmatlari koʻrsatilgan. Fuqarolar ovoragarchiligining oldini olish maqsadida tuman (shahar) markazidan 50–100 kilometr uzoq hududlarda 141 filial tashkil etildi. Qisqa muddatlarda barcha markazlarni zamonaviy bino bilan taʼminlash choralari koʻrildi va bu jarayon davom etmoqda.

2022-yil 1-avgustdan davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsni identifikatsiya qilishning “Mobil-ID” tizimi joriy etildi. Ushbu tizim orqali 930 mingdan ortiq fuqaro identifikatsiyadan oʻtdi. Ushbu tizim fuqarolarga elektron raqamli imzodan foydalanmagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratdi.

Masalan, hozirda 3,1 milliondan ortiq faol elektron imzo mavjud boʻlib, ularning amal qilish muddati 2 yilni tashkil etadi. Mobil-ID tizimi esa, mobil aloqa xizmatlaridan foydalanayotgan 24 million aholi uchun alohida flesh-kartani olib yurmasdan xizmatlardan foydalanish imkonini beradi.

Davlat organlarining ish uslubi oʻzgarib, sohani raqamlashtirish choralari koʻrilyapti. Natijada aholining elektron (masofaviy) davlat xizmatlaridan foydalanish ulushi 15 foizdan oshdi.

Oʻz navbatida, davlat xizmatlari koʻrsatish sohasini rivojlantirish borasida hali qilinadigan ishlar talaygina. Ekspertlar fikricha, bugungi kunda barcha davlat xizmatlarini kompleks rivojlantirish va raqamlashtirish boʻyicha dasturiy hujjat mavjud emas. Barcha davlat idoralari xizmatlarini oʻziga mos tarzda koʻrsatmoqda. Vaholanki, davlat xizmatini koʻrsatishda, birinchi navbatda, aholi manfaatlari va ularga qulaylik nuqtayi nazaridan yondashish lozim.

Koʻrsatilayotgan xizmatlar ulushida elektron davlat xizmatlaridan foydalanish kam miqdorda. Shu sababli, elektron davlat xizmatlari koʻrsatish koʻlamini kengaytirish boʻyicha ham davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgan. Bu esa, mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish, foydalanuvchilarga sifatli va tezkor davlat xizmatlarini taqdim etish imkonini beradi.

Bir soʻz bilan aytganda, sohadagi islohotlar aholining davlat xizmatlariga talabini samarali qondirish, mustaqil ravishda masofadan turib foydalanish imkoniyati oshishi, davlat xizmatlarining barcha hududlarga kirib borishi, aholi va tadbirkorlarga qator yoʻnalishlarda qulayliklar yaratilishiga xizmat qiladi.

Lutfulla SUVONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri