So'nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli institutsional islohotlar doirasida suv xo'jaligi sohasida ham davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, suv resurslarini boshqarish tamoyillari va tizimini takomillashtirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirib kelinyapti. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi tashkil etilib, vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yo'nalishlari belgilab berildi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari, obihayotdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi va nazorati takomillashtirildi.
Qabul qilingan huquqiy-me'yoriy hujjatlar asosida sohada suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, ob'ektlarni modernizatsiya qilish, ularga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini joriy etish bo'yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Keyingi besh yilda 290,3 ming gektarda tomchilatib, 13,5 ming gektarda yomg'irlatib, 10,6 ming gektarda diskret sug'orish texnologiyalari va 299,3 ming gektarda egiluvchan quvurlar, 91,9 ming gektarda egatga plyonka to'shab sug'orish loyihalari joriy qilindi. Shu bilan birga, 185,8 ming gektar maydon lazer uskunali tekislagichlar bilan tekislandi.
Sohada zamonaviy-axborot kommunikatsiya texnologiyalarida keng foydalanish yo'lga qo'yilib, suv xo'jaligi ob'ektlarida 4 966 ta zamonaviy raqamli texnologiyalar, jumladan, 2 908 ta “Aqlli suv”, 1 727 ta meliorativ kuzatuv quduqlarida yer osti sizot suvlari ko'rsatkichlarini va 306 ta nasos stansiyalarida obihayot miqdorini onlayn monitoring qilish qurilmalari o'rnatildi va 25 ta yirik inshoot avtomatlashtirildi.
Natijada suv resurslarini boshqarish, suvning hisobini onlayn yuritish imkoniyati yaratilib, ma'lumotlarni jamlash, qayta ishlash va monitoring qilishni ta'minlovchi 5 ta moduldan iborat “Vaziyatlar markazi” axborot tizimi ishga tushirildi.
2021-yilning o'zida suv resurslarini samarali boshqarish, raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya tadbirlari hisobiga 7,5 milliard kub metr obihayot tejalishiga erishildi.
Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan imzolangan “Suv va suvdan foydalanish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonuun shu yil dekabr oyining dastlabki kunida matbuotda rasman e'lon qilindi. Mazkur qonunga asosiy o'zgartirish va qo'shimchalar oxirgi marotaba 2009-yilda kiritilgan bo'lib, unda sug'orishda suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, suv xo'jaligi ob'ektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xususiy sektorga berish kabi jihatlar aks ettirilmagan edi.
Misol uchun 2020–2021-yillarda tizimdagi 67 ta nasos stansiya, 43 ta quduq, 214,1 kilometr irrigatsiya va 512,7 kilometr kollektor tarmoqlari boshqaruvini xususiy sherikka berish yuzasidan umumiy qiymati 1 trillion 162,3 milliard so'm bo'lgan 96 ta davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolangan.
Ushbu loyihalar doirasida xususiy sheriklar tomonidan dastlabki muddatda 123,3 milliard so'm miqdorida investitsiya kiritilishi hisobiga ob'ektlar modernizatsiya qilinadi va 141 milliard so'm byudjet mablag'lari iqtisod qilinishiga erishiladi.
Yangi tahrirdagi qonunda suv obyektlari yoki ularning qismlari davlat-xususiy sherikligi tamoyillari hamda boshqa shartlarda foydalanishga berilishi mumkinligi o'z ifodasini topgan. Lekin bu tamoil xavfsizlikni ta'minlash muhimligi hisobga olinib, suv va sel omborlari hamda strategik davlat suv xo'jaligi ob'ektlariga joriy etilmaydi, ya'ni ular xususiylashtirilmaydi.
Eng asosiy qo'shimchalardan biri suv iste'molchilari uyushmalarining faoliyatini moliyalashtirish manbasi aniq ko'rsatildi. Xususan, ular faoliyati o'z a'zolarining har yillik a'zolik badali, shartnoma asosida suvni yetkazish va boshqa xizmatlar uchun to'lovlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan moliyalashtirilishi belgilandi. Shuningdek, suvdan foydalanish qoidalari buzilgan, undan maqsadsiz foydalanilgan yoki limitdan ortiqcha obihayot olingan, a'zolik badallari, suv etkazib berganlik va boshqa xizmatlar uchun to'lovlar o'z vaqtida to'lanmagan taqdirda, qonunning hamda shartnoma shartlarining aniqlangan buzilishlari bartaraf etilguniga qadar suv iste'molchilari uyushmalarining suv etkazib berishni to'xtatishga haqli ekanliklari belgilab qo'yildi.
Bundan tashqari, suvdan foydalanuvchilarning majburiyatlari qatoriga raqamli texnologiyalarni joriy qilish shartligi kiritildi. Yana bir qo'shimchaga asosan, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilganligi uchun Davlat byudjetidan subsidiya olganlar ushbu loyihalardan kamida besh yil samarali foydalanishlari, sho'ri yuviladigan yerlar lazer uskunalar yordamida har uch yilda kamida bir marta tekislanishi shart.
Binobarin, Yangi O'zbekiston strategiyasi loyihasi doirasida 2022–2026-yillarda respublika bo'yicha 1,5 million gektar maydonda tejamkor texnologiyalarni joriy qilinishi va sug'oriladigan yerlarning 34,8 foizi qamrab olinishi ko'zda tutilgan. Qonundan joy olgan yangi o'zgarishlar suv iste'molchilariga Davlat byudjetidan ajratilgan subsidiyalarning hamda joriy qilingan texnologiyalarning samaradorligini oshirishni ta'minlashga kamarbasta bo'ladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari kuchaytirildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining bu boradagi vakolatlariga suv xo'jaligini rivojlantirish, uni oqilona boshqarish va samarali, foydalanish, suv tanqisligining salbiy ta'sirini yumshatish va sohaga doir boshqa dasturlarni tasdiqlash, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tartibini tasdiqlash kabi masalalari qo'shildi.
Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi suvni tejaydigan sug'orish texnologiyalarini joriy qilishni jadallashtirish va suvdan oqilona foydalanish, suv iste'molchilari uyushmalarining suvdan foydalanishni tartibga solish bo'yicha vakolatlari kengayishini ta'minlaydi. Shu bilan birga, ko'rsatilgan suv xo'jaligi xizmatlari uchun to'lovlarning o'z vaqtida undirilishi, sohada ob'ektlardan foydalanishda davlat-xususiy sherikchilik tamoyillarini joriy qilish va davlat byudjeti xarajatlarini kamaytirishga, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan ishonchli ta'minlanishiga xizmat qiladi.
Qonun 2022-yil 1-martdan kuchga kiradi. Uni amalga kiritishda byudjetdan qo'shimcha mablag'lar talab etilmaydi.
Zokir ESHPO'LATOV,
Suv xo'jaligi vazirligi boshqarma boshlig'i