Mustaqillik bayrami yaqinlashavergani sayin oʻtgan yillarda erishgan yutuqlarimiz haqida oʻylaymiz. Kechagi va bugungi hayotimizni tahlil va taqqos nuqtayi nazaridan baholaymiz. Bu anʼana keyingi yillarda, ayniqsa, shukuhli tus oldi. Boisi, yangi Oʻzbekiston islohotlari zamirida, avvalo, xalq manfaatlari birinchi oʻringa qoʻyilmoqda, odamlar hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Pirovardida bugun hayotimizning hamma jabhasida katta-katta yangiliklar boʻy koʻrsatib, hayotimiz mazmun-mohiyatini tubdan oʻzgartirib yubordi.

Bular haqida juda koʻp va xoʻp gapirish mumkin. “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining joriy yil 3-avgust sonida tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulovning “Boʻlar ekan-ku yoxud bugunning kechadan farqi nimada?” sarlavhali tahliliy-taqqosiy maqolasi chop etildi. Birgina mana shu maqolani oʻqigan kishi koʻz oldida kechaning bugundan farqli jihatlari aniq-tiniq namoyon boʻlishi shubhasiz.

Shu maqoladan ruhlangan holda bugun biz yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilgan yana bir katta islohot – xorijdagi vatandoshlarimiz bilan tiklangan aloqalar haqida yozishga jazm etdik.

Bu haqda soʻz yuritishdan oldin esa Prezidentimizning 2023-yil 27-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatiga toʻxtalishni lozim topdik.

Qarorda oʻtgan tarixan qisqa vaqt davomida elimizning fidokorona mehnati va qatʼiyati bilan milliy oʻzligimiz, qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, ezgu qadriyat va anʼanalarimiz qayta tiklangani, davlat va jamiyat hayotining tub asoslari oʻzgarib, mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida munosib oʻrniga ega boʻlgani taʼkidlangan. Shu bilan birga, mustaqil taraqqiyot yoʻlidagi keng koʻlamli islohotlarimizni izchil davom ettirish, barcha soha va tarmoqlar rivojini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida bugungi kunda yurtimizda millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan yangi jamiyat va davlat barpo etilayotgani qayd etilgan.

Xalqimiz yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan bu kabi islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va tadbirkorlikka keng yoʻl ochish, yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, aholi turmush farovonligini oshirish, tibbiy xizmatlar va taʼlim sifatini jahon standartlariga moslashtirish, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yurtimizning xalqaro obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish yoʻlida erishilayotgan natijalarni har bir vatandoshimiz oʻz hayotida sezib, teran his etayotir.

Prezident qarorida bugungi kunda dunyodagi murakkab siyosiy-iqtisodiy vaziyatga qaramay, islohotlarimizni izchil davom ettirib, yangi bosqichga olib chiqishda barcha yutuqlarimiz omili, kuch-gʻayrat, gʻurur va ilhom manbai boʻlib xizmat qilayotgan Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz ikki yilligini yurtimizning bugungi taraqqiyot darajasi, shonu shuhratiga mos holda munosib kutib olish va yuksak saviyada oʻtkazish maqsadida “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish asosiy vazifa etib belgilandi. Shu oʻrinda oʻtgan davr mobaynida odamlar hayotini tubdan isloh qilish va inson manfaatlarini taʼminlash, ular qadrini ulugʻlash maqsadida qator islohotlar amalga oshirib kelinayotganini yana bir bor eʼtirof etish joiz.

Biz bugungi hayotimizning kechagi kunlardan farqli jihatlari haqida soʻz boshlab, xorijdagi vatandoshlar bilan mustahkamlanib borayotgan aloqalarni Prezidentimizning davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir qarori mazmun-mohiyatiga bejiz bogʻlamadik.

Chunki qarorda yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida keng koʻlamli targʻibot ishlarini olib borish vazifasi qoʻyilgan. Konstitutsiyamizda ham, ayni kunlarda keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida ham xorijdagi vatandoshlarimiz bilan bogʻliq qator muhim huquqiy asoslar oʻrin olgan.

Avvalo, Konstitutsiyamizni olaylik. Unda Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlashi belgilandi, davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida xalqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qilishi mamlakatimiz tarixida ilk bor mustahkamlandi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yana bir eʼtiborli norma bor. Bu qonuniy asoslarda Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlib turgan har kim mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga egaligidir. Shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolari oʻz yurtiga toʻsqinliksiz qaytish huquqiga egaligi ham muhim jihat.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida esa xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etishga eʼtibor qaratilib, shu maqsadda, birinchidan, vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan jamoat birlashmalari faoliyatini har tomonlama ragʻbatlantirish va ularning sonini 300 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Ikkinchidan, oʻzbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, sanʼat va hunarmandlik yoʻnalishidagi oliygohlarda xorijdagi vatandoshlar uchun 200 ta grant ajratish maqsad qilingan. Uchinchidan, vatandoshlar ishtirokida tibbiyot, taʼlim va ilm-fan sohalarida 100 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. Toʻrtinchidan, vatandoshlar jamoat birlashmalariga yetkazib beriladigan badiiy adabiyotlar sonini 100 mingtaga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish, xorijda mehnat faoliyatini yuritayotgan fuqarolarga har tomonlama koʻmak koʻrsatish ham “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlari qatoridan oʻrin olgan. Unga koʻra, ishga joylashtirish boʻyicha xorijiy tomon bilan kelishuvlar sonini 30 taga oshirish, fuqarolarni xorijiy hamkorlar bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kasb-hunarga va chet tillarga oʻqitish doirasida 2 mingta xorijiy kompaniya bilan kasbga oʻqitish va ish bilan taʼminlash tizimini tashkil etish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, shu jumladan, ularning bandligini taʼminlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish, noqonuniy tashqi mehnat migratsiyasi va odam savdosiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish koʻzda tutilgan.

Shu oʻrinda savollar tugʻiladi: xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida yangi Oʻzbekistonda qanday islohotlar amalga oshirildi? Vatandoshlarimiz bilan tiklangan aloqalar mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi imijiga qanday taʼsir koʻrsatadi? Yurtimizdagi farovonlik muhitiga-chi?

Bu savollarga navbati bilan javob beradigan boʻlsak, koʻz oldimizda yangi bir siyosiy evrilishlar, iqtisodiy yuksalishlar hosilasi paydo boʻladi.

Tarixiy umid va orzular roʻyobi

Biz uzoq yillar xorijdagi vatandoshlarimiz gapini eshitmadik. Ular bilan muloqot qilmadik, oʻy-niyatlari, rejalari, maqsadlari bilan qiziqmadik. Bizga talpinsa, yuz burdik. Negadir ularni oʻzimizga, Vatanga begona bildik.

Bu bizga, Oʻzbekistonga nima berdi? Eslasak, faqat salbiy oqibatlarni koʻramiz. Birinchidan, Oʻzbekiston xorijdagi oʻz fuqarolarini himoya qilmasligi, hayoti bilan qiziqmasligi mamlakatimizning xalqaro siyosiy imijiga salbiy taʼsir koʻrsatdi, davlatning nufuzi tushib ketdi. Ikkinchidan, bunday vaziyatni koʻrgan chet elliklarning Oʻzbekistonga qarashlari yomonlashdi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy muhitga ishonchi soʻndi. Oqibatda bu iqtisodiy tanazzulga olib keldi. Chunki vatandoshlarga nisbatan bu kabi muomala va Oʻzbekistondagi “yotsirash” muhiti chet ellik investorlar oʻrtasida shubha, ishonchsiz kayfiyat uygʻotgandi. Uchinchidan, mamlakat ilgʻor gʻoyalar va innovatsiyalarsiz yashab keldi. Bunga asosiy sabab rivojlangan davlatlarda tajriba toʻplagan, inson qadri yuksak darajaga koʻtarilgan ijtimoiy-siyosiy tutumlarni targʻib qilish istagida boʻlgan vatandoshlarimiz fikri, hayotni oʻzgartirish borasidagi tashabbuslari bilan qiziqilmagani boʻldi.

Biz bugun “Yangi Oʻzbekiston ruhi” deya taʼrif berayotgan ichki va tashqi siyosatimizdagi katta islohotlar bilan xorijdagi vatandoshlarimizga nisbatan munosabat ham tubdan oʻzgardi.

Jumladan, Prezidentimizning 2018-yil 25-oktyabrdagi qaroriga binoan, Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi qabul qilindi.

Shu tariqa xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni yaxshilashga doir asosiy vazifalar belgilab olindi. Unga koʻra, Oʻzbekiston endi xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz huquq va erkinliklarini himoya qilishga kirishdi. Bunda, albatta, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari, vatandoshlarimiz istiqomat qilayotgan mamlakat qonunlari, xalqaro shartnomalar asosida ishlash amaliyoti tatbiq etila boshlandi.

Xalqimizning madaniy, ilmiy va maʼnaviy merosini keng targʻib qilish, uni dunyoda oʻrganish va ommalashtirish, chet ellarda ham oʻzbek tilini rivojlantirish istagida va harakatida boʻlgan vatandoshlarimiz faoliyatini qoʻllab-quvvatlash vazifasi qoʻyildi.

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga, xorijiy davlatlar bilan oʻzaro manfaatli va doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshishni istagan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash ham eʼtibordan chetda qolmadi.

Xorijdagi vatandoshlarimiz, ularning farzandlari uchun Oʻzbekistonda taʼlim olish imkoniyatlari kengaytirildi. Yurtimizda kasbiy, shu jumladan, tadbirkorlik, sarmoyadorlik, ilmiy, maʼrifiy va madaniy faoliyatni amalga oshirishi uchun qulay huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlar yaratildi.

Oʻzbekistondagi keng koʻlamli ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, yurtimizning xalqaro obroʻ-eʼtibori va nufuzini yanada mustahkamlashda vatandoshlar salohiyatidan foydalanish ham yaxshi samara bera boshladi.

Yana bir yangilik. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etildi. Bu tarixiy tashabbus xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni ona Vatani atrofida jipslashtirish, ular salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yoʻnaltirish, qalbida yurt bilan faxrlanish tuygʻusini yuksaltirish, milliy oʻzlikni saqlab qolish, xorijda tuzilgan jamoat birlashmalarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qila boshladi.

Bugungi kunda mazkur fond faoliyati xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizni moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga huquqiy yordam koʻrsatishga ham yoʻnaltirilgan. Bundan tashqari, chet ellarda yurtimizning boy ilmiy, madaniy-maʼnaviy merosini keng targʻib qilish va ommalashtirish, turli tadbirlarni, oʻzbek milliy madaniy markazlarini tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatadi.

Biz yuqorida ham qisman aytganimizdek, bir vaqtlar xorijdagi olim va ijodkor vatandoshlarimiz faoliyati Oʻzbekiston tomonidan eʼtiborsiz qoldirilgan edi. Yangi evrilishlar samarasida bunday vatandoshlarimizning yurtimiz nufuzini oshirishga qaratilgan ilmiy, ijodiy izlanishlari qoʻllab-quvvatlana boshladi. Jumladan, ular tashkil etadigan nufuzli tadbirlarda mamlakatimizning taniqli yozuvchi-shoirlari, fan arboblari, ulamolar, madaniyat va sanʼat vakillari, sportchilar ishtirokini taʼminlash “Vatandoshlar” jamoat fondining asosiy vazifasi etib belgilandi.

Qolaversa, xorijdagi vatandoshlarimizning yurtimiz taraqqiyotiga doir gʻoyalari, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Shu maqsadda Oʻzbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari joylashgan mamlakatlarda va ularning konsullik okrugiga kiruvchi davlatlarda faoliyat yuritayotgan 150 dan ortiq diaspora tashkiloti, milliy madaniy markaz bilan samarali hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.

Vatandoshlar bilan aloqalar mustahkamlangani oʻzbek tilining chet ellarda nufuzini oshirishga ham xizmat qilmoqda. “Vatandoshlar” jamoat fondi oʻzbek tilini oʻrganish, uni asrab-avaylash va yosh avlodlarga yetkazishda vatandoshlar va ularning tashkilotlariga keng koʻlamli yordam koʻrsatib kelayotgani eʼtiborlidir.

Bugun xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz ham eʼtiborda boʻlib turibdi. Bir vaqtlar biz ularga oʻgay nazar bilan bepisand qarar edik.

Prezidentimiz Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining XI syezdidagi nutqida “Bugungi kunda 2 million atrofidagi aholimiz roʻzgʻorini tebratish uchun, oilasi, ota-onasi va farzandlaridan uzoqda – chet mamlakatlarda mehnat qilmoqda. Musofir yurtda, turli qiyinchilik va mashaqqatlarga chidab, halol mehnat qilib non topish – albatta oson emas. Biz chet ellarda daromad bilan birga tajriba va malaka ham orttirayotgan ana shunday yurtdoshlarimizga rahmat aytishimiz kerak. Ular bizning farzandlarimiz, aka-uka, jigarlarimizdir”, dedi.

Yangi Oʻzbekiston bugun ana shunday farzandlari uchun katta imkoniyatlar yaratib bermoqda. Bu ularni kasb-hunarga oʻqitish, til oʻrgatish, xorijga borish-kelish masalasidagi moddiy koʻmak, kredit olish, uy-joy bilan taʼminlash, mehnat stajini yuritish kabi qator jihatlarda koʻzga tashlanadi.

Natija koʻz oʻngimizda

Bugun mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida xorijdagi vatandoshlar haqida ham turkum telekoʻrsatuvlar, radioeshittirishlar tayyorlanmoqda, internet saytlarda, gazetalarda qiziqarli maqolalar berib borilmoqda. Bu ham oʻz sohasining ustasi, tadbirkor, ilmli vatandoshlarimiz bilan doimiy aloqa oʻrnatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, xorij mamlakatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, ularning yurtimizdagi islohotlardagi ishtirokini ragʻbatlantirish, shuningdek, huquq va manfaatlarini toʻlaqonli, har tomonlama himoya qilishga koʻmak berish borasida juda muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan tizimli asosda ishlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Pirovardida Oʻzbekiston yopiq mamlakatdan jozibador oʻlkaga aylandi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, dunyo bizga ochildi va biz dunyoga ochildik. Koʻplab doʻstlar orttirdik.

Natija koʻz oʻngimizda. Keling, ularning ayrimlariga toʻxtalamiz.

Birinchidan, mamlakatimizga kirib kelayotgan xorijiy sarmoya koʻlami sezilarli oshdi. Chunki vatandoshlarimiz bilan begonalashuv oqibatida yuzaga kelgan, biz yuqorida ham taʼkidlagan salbiy oqibatlar butkul ijobiy tomonga oʻzgardi. Endi oʻz tarixiy vatani himoyasi va gʻamxoʻrligi ostida boʻlgan xorijdagi vatandoshlarimiz yangi Oʻzbekiston bilan faxrlana boshladi. Mamlakatimizga investitsiya kiritish harakatiga tushdi va bu oʻz natijasini koʻrsatdi.

Ikkinchidan, yurtimizga ilgʻor gʻoya va innovatsiyalar kirib kela boshladi. Chunki biz rivojlangan davlatlarda tajriba orttirgan, ilgʻor gʻoyalar va zamonaviy tendensiyalar bilan “qurollangan” vatandoshlarimiz fikri bilan qiziqib, ular tajribasidan foydalanishga oʻtdik.

Buning uchun ularga barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berdik, gʻoya va tashabbuslarni ragʻbatlantirish tizimini joriy etdik.

Uchinchidan, yangi Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzi yuksalib, mamlakatimizda turizm rivojlana boshladi.

Buning asosiy omili chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz islohotlarni keng targʻib etishga kirishgani boʻldi.

Toʻrtinchidan, vatandoshlar bilan aloqalar yaxshilangani mamlakatimiz aholisi yangi va daromadli ish oʻrinlari bilan taʼminlanishiga ham katta hissa boʻlib qoʻshildi.

Boisi, xorijdagi vatandoshlarimiz va ularning biznes hamkorlari kiritgan investitsiyalar evaziga koʻplab yangi qoʻshma korxonalar ishga tushdi. Chet ellik sayyohlar oqimi koʻpayishi bilan servis sohasi rivojlandi. Pirovardida minglab yangi ish oʻrinlari paydo boʻldi va davlat byudjetiga tushumlar koʻlami sezilarli oshdi.

Biz maqolada yangi Oʻzbekiston islohotlarining bitta yoʻnalishi – xorijdagi vatandoshlarimiz bilan tiklangan aloqalar va buning samarasida xalqimiz hayotida kuzatilayotgan oʻzgarishlarni tilga oldik.

Albatta, chet ellarda yashayotgan, ilm oʻrganib, tajriba orttirayotgan vatandoshlar va ularning yuksak salohiyati haqida yana koʻp gapirish mumkin.

Koʻp millatli xalqimiz ruhiyatida kechayotgan yangi hayot shukuhi bugun har birimizni, xorijdagi vatandoshlarimizni ham befarq qoldirayotgani yoʻq. Sababi, bu oʻzgarishlar hayotimizga yangilik olib kirdi. Pirovardida har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor ekaniga ishondik. Shu ishonch bizni yangi marralar sari chorlab turadi.

Mansur MUSAYEV,

Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi,

siyosiy fanlar doktori