Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini tasdiqlash maqsadida respublikada ishlab chiqarilayotgan va respublika hududiga olib kirilayotgan mahsulotlarga sanitariya-epidemiologik xulosalar rasmiylashtirib kelinmoqda. Bugungi kunda ushbu jarayon “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga orqali amalga oshirilib, sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib berish elektron tizim orqali yo‘lga qo‘yilgan. Sanitariya-epidemiologiya xulosasini rasmiylashtirish jarayonida 2022 yilning 10 oy davomida o‘rganish hamda laboratoriya tahlililari natijalariga ko‘ra normativ xujjatlar talablariga javob bermagan jami 3540,8 tonna va 4623 litr oziq-ovqat mahsulotlari iste’molga yaroqsiz deb topilgan va belgilangan tartibda yo‘q qilingan yoki qayta ishlangan.
Ta’kidlanishicha, aholi orasida yuqumli oshqozon-ichak kasalliklari va guruhli ovqatdan zaharlanish xolatlarining oldini olish borasida hududlarda 1007 nafar mutaxasisslar biriktirilgan. Hamkorlikda tashkil etilgan ishchi guruhlar tarkibida 1150 ta reydlar tashkil etildi, 149 marotaba bozorlarda, 375 ta umumiy ovqatlanish korxonalarida, 597 ta savdo do‘konlarida va 142 ta oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalarida o‘rganishlar o‘tkazildi. Aniqlangan kamchilar yuzasidan 228 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy chora qo‘llanilib, sifatsiz deb topilgan 36475 kg oziq-ovqat mahsulotlarining savdosi taqiqlandi. 564 nafar ishchi xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani uchun vaqtincha ishdan chetlashtirildi. 25 ta ob’yektning ish faoliyati aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar vaqtincha to‘xtatildi.
Biroq oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi tizimida o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi, aholi va tadbirkorlarning sanitariya bilimlari va gigiyenik ko‘nikmalari yetarli darajada emasligi natijasida ovqatdan zaharlanish holatlari qayd etilib kelinmoqda.
Anjumanda Sanitariya-epidemiologiya xizmati oldida amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirish — normativ hujjatlarni xalqaro talablarga muvofiq uyg‘unlashtirish, nazorat funksiyalarini xavfni tahlil qilgan hamda ob’yektlarning sanitariya-gigiyenik holatini inobatga olgan holda o‘tkazish, aholi orasida ovqatdan zaharlanishlarni oldini olish va buning natijasida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash vazifalari xususida OAV vakillariga ma’lumot berildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati
Matbuot xizmati