“Oziqovqatsanoat” uyushmasi tashkil etilishi mumkin

    Oʻzbekistonda “Oʻzyogʻmoysanoat” negizida “Oziqovqatsanoat” uyushmasi tuzilishi mumkin.

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasida keltirilib oʻtilgan.

    Loyiha tashabbuskori Savdo-sanoat palatasi boʻlib, hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

    Loyihaga koʻra, yangi uyushma “Oʻzyogʻmoysanoat” negizida, uning huquqiy vorisi sifatida tashkil etiladi. Uyushmaning tarkibi unga ixtiyoriy aʼzo boʻlgan yogʻ-moy, un-yorma, non-makaron, goʻsht-sut va konserva sanoati, qandolat mahsulotlari, salqinlatuvchi va alkogolsiz ichimliklar hamda boshqa oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi va koʻmakdosh-taʼminotchi korxonalardan tashkil topadi.

    Loyihada bojxona bojidan imtiyozlarni 2027-yil 1-yanvarga qadar “Oziqovqatsanoat”ga aʼzo korxonalarga tatbiq etish nazarda tutilgan.

    Shuningdek, uyushmaga talab va narxlar konyunkturasidan kelib chiqqan holda ayrim turdagi yogʻ-moy mahsulotlari eksportiga vaqtinchalik muddatli cheklovlar joriy qilish, korxonalarning ishlab chiqarishga mos uskuna va jihozlar bilan taʼminlangani yuzasidan mavsumiy texnologik audit oʻtkazib borish vakolati berilishi ham koʻzda tutilgan.

    Bundan tashqari, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan sut laboratoriyalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi, laboratoriyalarning vakolatlari belgilanishi, yogʻ-moy mahsulotlari uchun ham majburiy raqamli markirovka tizimini joriy qilinishi taklif etilmoqda.