Oʻzbekiston uchun ham ushbu masala ustuvor ahamiyatga ega. U mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi, aholining turmush darajasi va farovonligiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Shu bois, davlat tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar tahliliga oʻtishdan oldin, avvalo, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir strategik hujjatlarda bu borada belgilangan maqsadlarga toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiq.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida ayni yoʻnalishda qishloq xoʻjaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish maqsadi belgilangan. Ushbu maqsad doirasida bir gektardan olinadigan oʻrtacha daromadni 5000 dollarga, qishloq xoʻjaligi sohasida eksport qiymatini yiliga 10 milliard dollarga, hosildorlikni paxta boʻyicha oʻrtacha 45-50, gʻalla boʻyicha 80-85 sentnerga yetkazish, agrar sohaga jami 15 milliard dollarlik investitsiya jalb qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash koʻrsatkichining 25 foizdan yuqori boʻlishini taʼminlash, hududlarda 2,5 million tonna quvvatga ega 100 ta yangi agrologistika markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda ularning eksport salohiyatini 1 milliard dollarga olib chiqish kabi ustuvor vazifalar rejalashtirilgan.

Xususan, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida yuqori avlodli va xorijiy davlatlardan olib kelingan urugʻlarni ekish, intensiv texnologiyalardan foydalangan holda ekinlar parvarishini yoʻlga qoʻyish orqali bir gektardan olinadigan oʻrtacha daromadni 5000 dollarga yetkazish koʻzda tutilgan. Shuningdek, 500 ming gektar yerda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga 2-2,5 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, chorvachilikda yillik oʻsish surʼatini kamida 3,8 foizga yetkazish, ipak mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,2 barobar, eksport hajmini 1,5 barobar oshirish kabi maqsadlar oʻrin olgan.

Strategiya va agrar tarmoqni zamon talablariga mos rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar asosida mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini modernizatsiyalash, agrar sektorni diversifikatsiya qilish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va agrologistika infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va isteʼmol oʻrtasidagi muvozanatni saqlash, ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish hamda aholining oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyojini toʻliq taʼminlashga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Prezidentimizning 2024-yil 16-fevraldagi “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida toʻyib ovqatlanmaydigan aholi ulushini kamaytirish boʻyicha aniq strategik maqsad belgilab qoʻyilgan. Unga muvofiq, ushbu koʻrsatkichni 2023-yildagi 2,5 foizdan 2030-yilgacha 1,5 foizgacha pasaytirish rejalashtirilgan.

Bu koʻrsatkich nafaqat aholi salomatligi va turmush darajasini oshirish, balki mamlakatda barqaror oziq-ovqat tizimini shakllantirish, ishlab chiqarish, taʼminot va isteʼmol zanjirlarini yaxshilash orqali umumiy iqtisodiy barqarorlikka erishish maqsadini ham oʻzida mujassam etadi. Ushbu maqsadga erishish doirasida mamlakatda qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, agrar klaster va kooperatsiya tizimlarini joriy etish, shuningdek, tomorqa xoʻjaliklarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Bu orqali oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, ichki bozorni mahsulot bilan barqaror -taʼminlash hamda aholi bandligini oshirish kabi vazifalar bajarilmoqda.

Qishloq xoʻjaligini isloh qilish va bogʻdorchilikni rivojlantirishga qaratilgan tizimli siyosat natijasida ichki bozordagi oziq-ovqat taʼminoti barqarorlashuvi bilan birga eksport salohiyati ham izchil ortmoqda. Meva-sabzavotchilik, polizchilik va uzumchilik yoʻnalishlarida raqobatbardosh, yuqori sifatli mahsulotlar yetishtirishga erishilmoqda. Ayniqsa, tashqi bozorda talab yuqori organik va qayta ishlangan mahsulotlarni eksport qilish hajmi yildan yilga oʻsib borayotir.

Milliy iqtisodiyotning eksportga aloqadorligi oshmoqda

Maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda iqtisodiyotda band boʻlgan 14 million kishining 24 foizi, yaʼni 3,4 millioni qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi sohalarida faoliyat yuritgan. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi tarmogʻining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 19,2 foizni tashkil etmoqda. Bu esa ushbu soha nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, balki aholi bandligini oshirish va eksport orqali valyuta tushumini koʻpaytirishda ham muhim oʻrin tutayotganini anglatadi.

Qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, klaster va kooperatsiya tizimlarini joriy etish, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng qoʻllash, shuningdek, tomorqa xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash orqali mahsulot yetishtirish hajmi va sifatini oshirishga erishilmoqda.

Bu chora-tadbirlar orqali aholini sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlash barobarida, mahsulotlar importini qisqartirish va milliy oziq-ovqat tizimini mustahkamlash maqsad qilingan.

2024-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonda qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi mahsulotlari va xizmatlarining umumiy qiymati 36,9 milliard dollarni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2023-yilga nisbatan 3,1 foiz oʻsgan. Ushbu oʻsish, avvalo, sohani raqamlashtirish, klaster tizimi keng joriy etilishi va eksportbop mahsulot yetishtirishga qaratilgan islohotlar samarasidir.

Ayni paytda Oʻzbekiston 180 turdan ortiq qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini 80 dan ziyod mamlakatga eksport qilmoqda. Bu esa milliy agrosanoat mahsulotlariga xalqaro talab ortib borayotgani, shuningdek, Oʻzbekistonning jahon oziq-ovqat bozoridagi mavqei bosqichma-bosqich mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.

2024-yilda oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksporti 2,2 milliard dollarni tashkil etib, mamlakat umumiy eksport hajmining 8,1 foiziga teng boʻldi. Shu bilan birga, ushbu turdagi import qiymati 3,7 milliard dollarni tashkil etib, umumiy importda 9,5 foiz ulushni egalladi. Bu esa hozirgi sharoitda hali-hamon oziq-ovqat mahsulotlariga talabning muayyan qismi tashqi bozorlar orqali qondirilayotgani, shu bois, ushbu jabhada ichki ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va resurslardan samarali foydalanish zarurligini koʻrsatadi.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston 2036,2 ming tonna meva-sabzavot eksport qildi. Bu 2023-yilga nisbatan 15,8 foiz koʻp. Meva-sabzavot eksportining umumiy qiymati 1549,5 million dollarni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 31,2 foiz koʻproqdir. Ushbu oʻsish surʼati mamlakatning agrar sektorida ishlab chiqarish koʻlami kengaygani va eksport salohiyati yaxshilanganini koʻrsatadi. Shuningdek, bu mahsulotlar Oʻzbekistonning jami eksportida 5,8 foiz ulushni tashkil etgan.

Meva-sabzavotlar eksportining sezilarli oʻsishi Oʻzbekiston xalqaro bozordagi oʻrni mustahkamlayotgani va milliy iqtisodiyotimizning eksportga aloqadorligi oshayotganini koʻrsatadi.

2025-yilda qabul qilingan “Oziq-ovqat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonun mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va sohaga aloqador huquqiy munosabatlarning asosini mustahkamlashda muhim qadam boʻldi. Ushbu qonun, oʻz navbatida, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini nazorat qilishni kuchaytirish, barqaror rivojlanishni taʼminlash va milliy iqtisodiyotda oziq-ovqat tarmogʻining oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan.

Shu bilan birga, mazkur qonun oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali mamlakatning oziq-ovqat sektorini global bozorlarga integratsiya qilish, xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqarish va sifat nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorligi mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va barqaror rivojlanishga qaratilgan strategik saʼy-harakatlarining muhim qismidir. Ushbu hamkorlik rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganish hamda Oʻzbekistonning milliy siyosati va amaliyotiga moslashtirish orqali amalga oshirilmoqda.

Xususan, Samarqandda oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalar jarayonida rivojlangan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi samarali tajribasi kuzatilgan va Oʻzbekiston uchun ularni oʻz sharoitiga moslashtirish yoʻllari muhokama qilingan. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi saʼy-harakatlari samaradorligini hamda mamlakatning mustahkam pozitsiyasini namoyon etmoqda.

Oʻzbekistondagi islohotlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladi. Jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, toʻyinganlikni oshirish va barqaror qishloq xoʻjaligini targʻib qilish maqsadiga muvofiq. Ushbu maqsadga qaratilgan chora-tadbirlar, oʻz navbatida, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini va uzoq muddatda iqtisodiy rivojlanishni taʼminlashga yordam bermoqda.

Ayni yoʻnalishdagi uch muhim islohot

Oʻzbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida qishloq xoʻjaligi sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Birinchidan, anʼanaviy tarzda paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan ayrim yer maydonlari qisqartirilib, oʻrniga sabzavot, dukkakli va poliz ekinlarini yetishtirishga ustuvor ahamiyat qaratilyapti. Bu esa oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, mahalliy bozorlardagi tanqislikni bartaraf etish va aholi taʼminotini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Ikkinchidan, qishloq xoʻjaligida klaster va kooperatsiya tizimlari joriy etilishi qayta ishlash, saqlash va eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirdi. 2025-yilda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan boʻlib, bu oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlaridan.

Uchinchidan, tomorqa xoʻjaliklariga davlat tomonidan imtiyozli kredit va subsidiyalar berilmoqda. Bu esa aholining oʻz yerida mahsulot yetishtirishi va mahalliy bozorlarni boyitishiga imkon bermoqda.

Bundan tashqari, innovatsion yechimlar va zamonaviy texnologiyalar oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, blokcheyn texnologiyasining joriy etilishi mahsulotlar sifatini nazorat qilish va taʼminot zanjirini shaffoflashtirishda samara bermoqda.

Shu bilan birga, agrologistika tizimini takomillashtirish, saqlash inshootlarini modernizatsiya qilish orqali mahsulot yoʻqotishlarini kamaytirishga erishilmoqda. Ushbu islohotlar natijasida Oʻzbekiston oziq-ovqat mahsulotlari bilan oʻzini taʼminlash darajasini sezilarli ravishda oshirdi va importga qaramlikni kamaytirdi.

Sifat va xavfsizlik

Oziq-ovqat xavfsizligi miqdordan tashqari sifat va xavfsizlikka ham bogʻliq. Oʻzbekistonda bu borada normativ-huquqiy baza mustahkamlangan, oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligiga doir normalar yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir. Sanitariya, veterinariya va fitosanitariya qoidalariga rioya etish -qatʼiy nazorat qilinadi.

Oziq-ovqat sanoati sohasida xatarlarni tahlil qilish sifatida tavsiflangan HACCP (Xavfli tahlil va keskin nazorat nuqtalari) va GHP tizimlari oziq-ovqat ishlab chiqarishda joriy qilingan boʻlib, mahsulotlarning xavfsizligini taʼminlash va zaharlanish holatlarining oldini olishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari oziq-ovqat sifati ustidan jamoatchilik nazoratini olib borishda faollik koʻrsatmoqda.

Toʻgʻri ovqatlanishga eʼtibor kuchaytirilib, davlat tomonidan targʻibot kampaniyalari yuritilmoqda. Bu yilga moʻljallangan davlat dasturida aholi orasida toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha targʻibotni kuchaytirish vazifasi belgilanganini alohida qayd etib oʻtish lozim. Oʻz navbatida, bu jihatlar aholining toʻgʻri ovqatlanish borasidagi bilimini oshirmoqda, salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olishga xizmat qilyapti.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda qator muhim masalalar mavjud.

Birinchidan, iqlim oʻzgarishi, qurgʻoqchilik va suv tanqisligi qishloq xoʻjaligi mahsuldorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Ikkinchidan, global inqirozlar — pandemiya va iqtisodiy noustuvorlik, jahon iqtisodiy tebranishlari oziq-ovqat taʼminotiga xavf tugʻdiradi. Oʻzbekiston bu xavflarni kamaytirish maqsadida zaxiralar yaratish va importga qaramlikni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrmoqda.

Oziq-ovqat narxlarining keskin oshishi aholi daromadiga taʼsir qilib, iqtisodiy barqarorlikni buzishi mumkin. Davlat imtiyozli kredit va narxlar monitoringi orqali narxlar barqarorligini taʼminlashga harakat qilmoqda.

Kambagʻallik darajasi ham katta muammo — 2025-yilda kambagʻallikni aniqlash va oziq-ovqat taʼminotiga erishishning iqtisodiy qulayligini oshirish vazifasi dolzarb boʻlib turibdi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida ilmiy tadqiqotlar va malakali kadrlar yetishmasligi rivojlanishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Buning uchun samarali oʻqitish va trening dasturlari talab etiladi.

Xulosa oʻrnida

Oʻzbekiston oziq-ovqat xavfsizligi va sogʻlom oziqlanishni taʼminlashning 2030-yilgacha moʻljallangan strategiyasini amalga oshirmoqda. Ushbu strategiya aholining turmush tarzini yaxshilash uchun resurslardan samarali foydalanishni nazarda tutadi. Suvdan foydalanish tizimini takomillashtirish va yer unumdorligini oshirish, oziq-ovqat yetishtirishni koʻpaytirish shular jumlasidan.

Shuningdek, xorijiy va mahalliy investitsiyalar orqali qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va eksportni ikki barobar oshirish rejalashtirilgan. Xalqaro tashkilotlar, xususan, FAO bilan hamkorlikni kuchaytirish oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

Aholi orasida toʻgʻri ovqatlanish va oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha targʻibot ishlari oʻtkazish, shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish ham muhim masalalardan. Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalardan keng foydalanish oziq-ovqat taʼminoti zanjiri samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Oʻzbekiston oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida muhim yutuqlarga erishgan. Shu bilan birga, bu yoʻnalishdagi muammolarni bartaraf etish va global iqtisodiy oʻzgarishlarga tayyorgarlik koʻrish uchun davomli saʼy-harakatlarni jadallashtirish muhim vazifalarimizdan biridir. Shu oʻrinda qishloq xoʻjaligini modernizatsiyalash, mahsulotlar ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va agrar sektorni rivojlantirish bilan birga, xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish ham muhim.

Mamlakatimizdagi islohotlar va xalqaro aloqalar Oʻzbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va barqaror rivojlanishini taʼminlashda yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Iskandar OʻROQBOYEV,

Barqaror rivojlanish markazi eksperti