O'zbekiston Milliy universiteti va Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum psixologiya yo'nalishini rivojlantirishga qaratilgan. Psixologiya ichki ishlar tizimida qanchalik ahamiyatli bo'lsa, ta'lim tizimida ham eng dolzarb yo'nalishlardan hisoblanadi. Bu borada O'zbekiston Milliy universitetida salohiyatli, etuk kadrlar va kuchli ilmiy baza bor. Ilmiy-amaliy psixologiyadagi bu hamkorlik psixologiya ilmining rivojlanishi, nazariya va amaliyotning integratsiyasiga asos bo'ladi.
SHu nuqtai nazardan O'zbekiston Milliy universitetining Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bilan hamkorligi psixologik xizmatning huquqiy jihatlarini ochishda, aholining psixologik va yuridik savodxonligini oshirishda katta ahamiyatga ega.
Jumladan, ta'lim tizimining barcha bosqichida yoshlarning psixologik holati diagnostikasiga ixtisoslashgan psixolog kadrlar hamda tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni amalga oshiradigan yagona tuzilmaning shakllanishi, psixologik xizmatlar faoliyati samaradorligining yuqori darajaga ko'tarish masalalari memorandumda o'z aksini topgan.
Tadbirda davlat ta'lim standartlariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda nazariy va amaliy hamkorlik muhimligi qayd etib o'tildi. Bundan tashqari, hamkorlar psixologiya yo'nalishi bo'yicha o'zaro bir-birlariga uslubiy yordam ko'rsatish, masofaviy ta'lim tizimini joriy qilish, psixologiya fanining yutuqlarini ta'limga va amaliyotga tadbiq qilishda doimiy muloqotda bo'lishlari memorandumda o'z aksini topdi.
— Tadbir davomida o'zaro hamkorlikda davlat grantlari loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda ishtirok etish, bakalavriat va magistratura yo'nalishida tahsil olayotgan talaba, tinglovchi hamda kursantlarning amaliy stajirovkalarini tashkil etish, bitiruv-malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilishdagi hamkorlik borasida ham kelishib oldik, — deydi psixologiya fanlari doktori, professor, psixologiya kafedrasi mudiri Dilbar Muhammedova. — Kelgusida akademiyada zamonaviy psixologik markazni tashkil qilish, uni zamonaviy texnik vositalar bilan ta'minlash, ochiq darslar va mahorat mashg'ulotlarini o'tkazish, o'zaro hamkorlikda xorij tajribasini o'rganish, xorijiy uslubiy-diagnostik metodikalarni hamkorlikda standartlashtirish, diagnostik tadqiqotlar olib borish, uslubiy-metodik jamlanmalar fondini yaratish, kadrlarining malakasini oshirish, ilmiy-metodik, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida tajriba almashish, ilmiy salohiyatni boyitish hamda ilmiy-texnikaviy va intellektual imkoniyatlarni birlashtirish, psixologiya sohasida eng dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan o'zaro uchrashuvlar, simpoziumlar, seminarlar va konferentsiyalarda tomonlar ishtiroki borasida ham fikr-mulohazalar almashdik. Universitetimizning psixologiya kafedrasi professor-o'qituvchilari ham o'quv jarayonlari, amaliy mashg'ulotlarni o'tishda ham o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yishni rejalashtirdik.
Psixologiya yo'nalishiga oid manfaatli axborotlar, o'qitish dasturlari, ilmiy tadqiqot materiallari, o'qitish va tadqiqot ishlarining metodologik adabiyotlarini chop etish sohasida ham fikr-mulohazalar almashildi. Hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlar alohida dastur, reja va yo'l xaritalari doirasida amalga oshirilishi qayd etildi.
Tadbirda IIV akademiyasi boshlig'i general-leytenant Bahodir Matlyubov, O'zMU rektori, professor Avazjon Marahimov ishtirok etdi. Tadbir so'ngida O'zMU rektori “Ichki ishlar akademiyasi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.