Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq, davlatimiz mustaqilligining 30 yillik yubileyi munosabati bilan yuzlab hamyurtlarimiz xususan, madaniyat va sanʼat sohasi vakillari unvon, orden va koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Bir guruh ijodkorlar, soha vakillari va vazirlik tizim tashkiloti xodimlariga “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” koʻkrak nishonini topshirar ekan, “ular orasida qalbi qaynoq isteʼdodli yoshlarning koʻpligidan faxrlandik”, — Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. — Barcha ijodkorlar, soha vakillari va vazirlik tizimi xodimlariga qarata taʼkidlashni istardikki: Har biringiz ana shunday eʼtirof, eʼzoz va ragʻbatga munosibsiz.

Shunchaki, bugun sahnada turib mehnatlari mevasini totib koʻrayotgan ustozlaringiz, tengdoshlaringiz, hamkasblaringiz singari koʻproq mehnat qilishingiz, tinimsiz izlanishingiz lozim boʻladi. Mukofot sohiblarini chin koʻngildan samimiy qutlar ekanmiz, soha rivoji, sanʼat va madaniyat targʻiboti yoʻlida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan barchaga astoydil rahmat deymiz.

Qadrli ijodkorlar, soha vakillari, tizim xodimlari bugungi sahnada taqdirlanmaganingiz “mehnat qilmayapti”, degani emas.Siz ham ana shunday ehtiromga loyiqsiz, albatta.

Balki keyingi safar sizni qutlash nasib etar. Shunday ekan, sirasi kelguncha hozirgidek shijoat bilan mehnat qilishda davom eting. Unutmang! hech bir fidoyilik eʼtibordan chetda qolmaydi”deya dil soʻzlarini bayon etdi Madaniyat vaziri.