2020-yilda Toshkentda salkam 12 mingta avariya kuzatilgan

    Mamlakatimizda 14 Yanvar 2021 2031

    2021-yil 14-yanvar kuni “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va “Toshkent shahar suv taʼminoti” MChJ hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun navbatdagi press-tur oʻtkazildi. Unda Jamiyat tarkibidagi korxonalarning bugungi texnik holati va imkoniyatlari bevosita oʻrganildi.

    Press-tur davomida Jamiyat mutasaddilari “Toshkent shahar suv taʼminoti” MChJ tarixi va bugungi faoliyati, yigʻilib qolgan muammolar xususida ishtirokchilarga maʼlumot berdilar.

    Taʼkidlanganidek, Toshkent shahrini suv bilan taʼminlashga ixtisoslashgan korxona 1931-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Ushbu MChJ tarkibidagi tarmoq korxonalari ancha yillardan buyon xizmat qiladi. Poytaxtni suv bilan taʼminlovchi 7 ta inshoot esa oʻtgan asrning 60-yillarida qurilgan.

    Toshkent shahri boʻyicha jami 3700,8 km. ichimlik suvi tarmogʻi mavjud boʻlib, hozirgi kunga kelib 72% ichimlik suvi, 60% dan ortiq oqova suv tarmoqlari xizmat muddatini oʻtab boʻlgan. Buni yildan-yilga ortib borayotgan suv tarmoqlaridagi avariyalar sonidan ham koʻrish mumkin. Masalan, 2019-yil davomida 10198 ta avariya boʻyicha taʼmirlash ishlari bajarilgan boʻlsa, 2020-yilda qariyb 12 mingta avariyalar bartaraf etilgan. Bunday avariyalar sonining ortishi ichimlik suvining behuda yoʻqotilishiga sabab boʻlmoqda.

    Hisob-kitoblarga koʻra, birgina Toshkent shahrining oʻzida xalqaro moliya institutlaridan olingan xorij kreditini qaytarish jarayonida korxona 2019-yilda 54 milliard soʻm ekvivalentida zarar koʻrgan va 2020-yilda bu koʻrsatkich 43,0 milliard boʻlishi kutilmoqda.

    Shuningdek, “Toshkent shahar suv taʼminoti” MChJda qariyb 4 mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qiladi. Imkoniyat boʻlmagani sababli ularning maoshi bir necha yillardan buyon oshirilmay kelmoqda. Ayni kunda eng kam oylik 800 ming — 1 million soʻm atrofida. Maoshning pastligi sabab xodimlar qoʻnimsizligi yuzaga kelmoqda. Ayniqsa, texnik mutaxassislarning oʻrtacha yoshi tobora qarib bormoqda, yosh kadrlar tizim korxonalarida mehnat qilishni istamayapti.

    Yana bir muhim jihat, ming litr suv ishlab chiqarilganda, uning 25%i, yaʼni toʻrtdan bir qismi elektr energiyasi toʻlovlariga, 3%i ichimlik suvi tozaligini saqlash uchun qoʻshiladigan reagentlarga, 20,5%, yaʼni beshdan bir qismidan ortigʻi ichimlik va oqova suv inshootlarining ish rentabelligini oshirish maqsadida olingan xorijiy institutlarning kreditlarni qaytarish uchun, 19%i ichimlik va oqova suv quvurlarini taʼmirlash va qayta taʼmirlash xarajatlariga ketmoqda.

    Press-tur davomida shu va shu kabi tahliliy maʼlumotlar jurnalist va blogerlar eʼtiboriga havola etildi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar oldilar.