Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab boʻlgan Sirdaryo viloyati Xovos tumanida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 7 mln. dollar pul talon-taroj qilinganligi haqidagi xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
2016-yil 23-avgust kuni “Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tuman markazlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash” loyihasini amalga oshirish boʻyicha shartnoma rasmiylashtirilgan edi.
Xalqaro tender komissiyasining bayonnomasiga asosan pudratchi sifatida Turkiyaning “Alke Insaat Sanayi ve Ticaret” kompaniyasi gʻolib deb topildi.
Mazkur loyihani amalga oshirish uchun jami 7 mln. 310 ming dollar pul ajratilgan edi. Loyiha xabarda aytilayotganidek Osiyo taraqqiyot banki emas, balki Jahon banki ishtirokida amalga oshirilgan boʻlib, bunda Jahon banki tomonidan 6 mln. 250 ming dollar, Oʻzbekiston tomonidan esa 1 mln. 060 ming dollar ajratilgan.
Ushbu mablagʻlar talon-taroj qilinmay, pudratchi tomonidan loyihada koʻzda tutilgan barcha ishlar bajarilgan. Xususan, pudratchi tomonidan subpudratchi “Mega-Mebiko” qoʻshma korxonasi bilan birgalikda “Sirgʻali” suv inshootidan Xovos tumanining “Oqchangal” aholi yashash punktigacha 28 km masofaga diametri 700 mm boʻlgan shisha tolali quvurlar yotqizilib, qurilish-montaj ishlari 2019-yilning iyun oyida tugatildi.
Biroq, bugungi kunda quvurlar suv bosimini koʻtara olmayotgani tufayli tarmoqda bir qancha sizgichlar paydo boʻlgan. Bu esa, oʻz navbatida, aholini uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlash imkonini bermayapti.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, bugungi kunda:
birinchidan, shisha tolali quvurlarni poliyetilen quvurlarga almashtirish masalasi koʻrib chiqilmoqda;
ikkinchidan, mazkur obyekt “Oʻzsuvtaʼminot” AJ balansida turmayotganligiga qaramasdan, aksiyadorlik jamiyati mazkur hududda istiqomat qiluvchi aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha amaliy ishlar olib bormoqda;
uchinchidan, aksiyadorlik jamiyati pudratchi va quruvchi tashkilotlarga quvurlardagi havo chiqarish uskunalarini yangisiga almashtirish ishlarida amaliy yordam koʻrsatib kelmoqda;
toʻrtinchidan, ayni paytda mazkur holat boʻyicha tegishli idoralar tomonidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar!
Shu oʻrinda, sizlardan aholiga faqat ishonchli va tekshirilgan maʼlumotlarni yetkazishingizni soʻrab qolamiz. Zero, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida yolgʻon axborot tarqatganlik uchun amaldagi qonunchilikda tegishli javobgarlik koʻzda tutilgan.