Bugungi pandemiya sharoitida aholining ishsiz qatlami soni oshib ketmasligi hamda ish oʻrinlari yoʻqotilishining oldini olish maqsadida obodonlashtirish boshqarmalari ham oʻz hissasini qoʻshayotganligi diqqatga sazovordir.
Hukumatimizning karantin sharoitida aholi bandligini taʼminlash maqsadda ajratilgan mablagʻlari doirasida Oʻrta Chirchiq tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi mahallalarda tozalikni saqlash yumushlari uchun fuqarolarni jamoatchilik asosida vaqtinchalik ishlarga jalb qilinmoqda. Jumladan, joriy yilning oʻtgan iyun oyida 130 nafar ishsiz fuqaro ishga jalb qilinib, ularga oylik maosh tayinlangan. Iyul oyida esa 65 ta mahallaning har biriga 10 tadan, jami 650 nafar fuqaroni jamoatchilik asosida ishga qabul qilish rejalashtirilgan.
Tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi direktori oʻrinbosari Zuhra Kutuyevaning taʼkidlashicha, yana 200 nafar ishsiz fuqaroni ichki ishlar hamda veterinariya boʻlimlariga vaqtinchalik shartnoma asosda ishga qabul qilish koʻzda tutilmoqda.
“Bektemir” mahallasidagi kambagʻal oila roʻyxatida turuvchi Hilola Abdunazarova shu vaqtgacha hech qayerda ishlamagan. Hozir esa u ishli boʻldi.
–Shu yil may oyidan boshlab mahalladagi koʻchalarni tozalash hamda obodonlashtirish yumushlari bilan shugʻullanmoqdaman. Oylik ish haqim ham oʻz vaqtida berib borilyapti, – deydi Hilola Abdunazarova. – Ishimdan xursandman. Mutasaddilarga rahmat.