Bugungi kundagi pandemiya sharoitida esa takroriy maydonlarga ekiladigan kartoshka uchun tezpishar urugʻlik talab etiladi. Buning uchun hozir fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari oʻzidagi mavjud urugʻlardan foydalanayotgan boʻlsa, urugʻlikning qolgan qismi Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston va Gollandiya davlatlaridan olib kelinyapti. Tabiiyki, bu yetishtirilayotgan kartoshka narxining qimmatlashishiga olib keladi.
Shu bois, Oʻrta Chirchiq tumanining “Bektemir” mahallasidagi “GS-BIO” masʼuliyati cheklangan jamiyati xorijdan keltirilayotgan kartoshkalarning yangi tezpishar navlarini yaratish boʻyicha faoliyatini boshladi. Jamiyat rahbari Bositxon Abdufataxovning taʼkidlashicha, Janubiy Koreyaning INVITRO biotexnologik innovatsion tizimi asosida shu kungacha chetdan olib kelinayotgan “Santo”, “Picasso”, “Navskiy” kartoshka navlarining urugʻlari mahalliylashtirildi. Joriy yilda ana shunday usulda 5 million dona urugʻlik yetishtirish moʻljallanayotgan boʻlsa, keyingi yili 50 ming tonna, 2023-yilga borib esa 500 ming tonna ishlab chiqariladi.
– Loyihaga 5 million AQSH dollari miqdorida xorij investitsiyasi jalb qilingan boʻlib, uning 100 ming AQSH dollariga korxona laboratoriyasi uchun xorijdan asbob-uskunalar olib kelingan, – deydi “GS-BIO” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Bositxon Abdufataxov. – Ayni paytda laboratoriyada 10 nafar xodim ishlayotgan boʻlsa, bizga ajratilgan 5 gektar maydonda issiqxona kompleksi va urugʻlik kartoshkani saqlash uchun omborxona qurib bitkazilgach, yana 100 ta ish oʻrni yaratiladi.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, hozirgi paytda hududda gʻalladan boʻshagan maydonlarda takroriy ekin sifatida kartoshka yetishtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maʼlumki, kartoshka “ikkinchi non” sifatida har bir xonadonda eng koʻp ishlatiladigan sabzavot mahsuloti hisoblanadi. Joriy yilda viloyatda jami 18 ming gektar maydonga kartoshka ekish belgilangan boʻlib, uning 6 ming gektari asosiy maydonga, 12 ming gektari esa gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin sifatida ekiladi. Yil yakunida jami maydonlardan 533,3 ming tonna, takroriy maydonlardan esa 244 ming tonna kartoshka olish rejalashtirilgan. Agar bu koʻrsatkichlarni oʻtgan yilga nisbatan taqqoslasak, 59 foizga koʻp ekanligi maʼlum boʻladi. Buning sababi pandemiya sharoitida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashdir.