Pandemiya tugashidan qat’i nazar, COVID noma’lum muddatga AQSHda o‘limning asosiy sababi bo‘ladi

    Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, COVID yaqin kelajakda AQSHda o‘limning 10 ta eng asosiy sabablari qatorida qoladi.

    Prezident Jo Bayden o‘z intervyusida koronavirus pandemiyasi tugadi deganidan so‘ng, ko‘plab odamlar AQSHda har kuni o‘rtacha 500 nafarga yaqin bemor COVIDdan vafot etayotganini aytib, bahs-munozaralarga kirishdi.

    Mutaxassislarning ta’kidlashicha esa pandemiya tugadimi yoki yo‘qmi degan munozaralar undanda kattaroq masalaga soya soladi. Ya’ni COVID qachongacha AQSHda o‘limning asosiy sababi bo‘lib qoladi?

    "O‘lim sabablari haqida o‘ylaganimizda, COVID, ehtimol, bu ro‘yxatda abadiy qoladi", dedi doktor Bob Vaxter, Kaliforniya universiteti kafedra mudiri, San-Fransisko tibbiyot bo‘limi rahbari.

    "Biz buni pandemiya deb ataymizmi yoki yo‘qmi, u hali ham odamlar uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda", deya qo‘shimcha qildi u.

    Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC)ning ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus 2020 yilda AQSHda yurak kasalliklari va saratondan keyin o‘limning uchinchi asosiy sababi bo‘lgan. CDC ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili ham xuddi shu holat takrorlandi. Aprel oyidan buyon kasallikdan o‘lim darajasi nisbatan o‘zgarmadi. Haftasiga o‘rtacha 300 nafardan 500 nafargacha bemor vafot etmoqda. Agar bu tendensiya davom etsa, Qo‘shma Shtatlarda COVIDdan yiliga 113 000 nafardan 188 000 nafargacha o‘lim holati kuzatilishi mumkin. Holat o‘zgarmasa, COVIDdan o‘lim darajasi Alsgeymer, surunkali pastki nafas yo‘llari kasalliklari va insult bilan tenglashadi.