Xoʻsh, “COVID-19” infeksiyasiga qarshi emlash pandemiyani toʻxtatishga qodirmi? Aslida koronavirusga qarshi vaksinatsiya nima uchun kerak? Nega bugun emlash tadbirlariga bu qadar jiddiy eʼtibor berilmoqda?

SSV Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar HUSANOVGA murojaat qildi.

— Mutaxassis sifatida aytingchi, dunyo tajribasiga koʻra, vaksinatsiya jarayonlari kasallikning oldini olishda qanday samara bermoqda?

— Maʼlumki, bugun “COVID-19” infeksiyasi odamlarni qoʻrquv va tahlikada ushlab turgan jiddiy kasaliklardan biriga aylandi. Afsuski, oʻtgan bir yildan ortiq vaqt davomida kasallik qanchadan qancha insonlar yostigʻini quritdi.

Aytish lozimki, shunday ogʻir va murakkab sharoitda bu xastalikka qarshi samarali kurashish uchun bir nechta vaksinalar yaratilib, ayrim mamlakatlarda ushbu vosita yordamida pandemiyani jilovlashga erishilmoqda.

Misol uchun, hozirgi paytda Isroilda “COVID-19” bilan kasallanish holatlari boʻyicha dunyo mamlakatlari orasida eng past koʻrsatkich qayd etilmoqda. Ushbu yurt aholisining 53 foizi koronavirusga qarshi toʻliq 2 dozada emlanishi shifoxonalarda “COVID-19”ni davolashga moʻljallangan boʻlimlarning butunlay yopilishiga sabab boʻldi.

Hindistonda esa aksincha emlash bilan bogʻliq tadbirlar sust ketayotgani sababli epidemik vaziyat qaltis boʻlib turibdi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, hozirda ushbu mamlakatda kuniga 50-100 mingdan ortiq inson koronavirusni yuqtirib olmoqda. Shu bilan birga, bunday murakkab vaziyat virusning yangi mutatsiyalari paydo boʻlishiga ham sabab boʻlayotir. Shunday boʻlsada, vaksina yer yuzi aholisi oʻrtasida virusning barcha mutatsiyaga uchragan turlariga qarshi tura oladi.

— Mutaxassis sifatida aytingchi, nima yaxshi: emlanishmi yoki kasallikni boshdan oʻtkazish?

— Shuni ayta olamanki, emlanishning himoyasi kasallik oʻtkazgandan keyingi himoyadan yaxshiroqdir. Chunki emlashda neytrallovchi antitanachalarning miqdori kasallik oʻtkazgandan keyin shakllanadigan antitanachalar miqdoridan ancha yuqori boʻladi. Shu bilan birga, vaksina olmagan insonlarda kasallikning ogʻir kechishi va oʻlim holati kuzatilishidan tashqari, ularni kasallikning asoratlari qiynaydi, bunday insonlarda uzoq muddatli nafas olish, yurak qon-tomir tizimi hamda bosh miyaning shikastlanishi davom etishi mumkin.

Maʼlumki, bugun xalqimiz salomatligini asrash, ularni bu kasallikdan himoya qilish maqsadida yurtdoshlarimiz bepul emlanmoqda. Bu ham boʻlsa, insonparvarlikning chinakam ifodasidir.

Biroq yaratib berilgan mana shunday imkoniyatdan foydalanmaslik, nafaqat oʻzimiz, balki yaqinlarimiz salomatligini ham jiddiy xavf ostiga qoʻyadi. Afsuski, emlanishga ana shunday bepisand munosabatda boʻlgan va bugun shifoxonamizning reanimatsiya boʻlimida havo yetishmasligi va nafas qisishidan qattiq azob chekayotgan bemorlarning holatini koʻrib, ochigʻi, yuragim eziladi. Oʻrni kelganda, hatto, ularga biz shifokorlar ham yordam bera olmayotganimizdan qiynalaman.
Zero, pandemiyani faqat vaksinatsiya bilangina toʻxtata olamiz!