Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi Oʻzbekiston milliy paralimpiya qoʻmitasida matonat va iroda timsoli boʻlgan sportchilarimizni tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.
Yangi Oʻzbekistonning porloq kelajagiga daxldorlik tuygʻusi bilan yashayotgan, sport maydonlarida yurt bayrogʻini sarbaland etish orzu-istaklarini qalbiga jo etgan 48 nafar parasportchimiz epidemiologik murakkab vaziyatga qaramasdan 16-paralimpiya oʻyinlarining 55 ta yoʻllanmasini qoʻlga kiritganligi Oʻzbekiston sport tarixida eʼtiborli voqelik boʻldi. Paralimpiyachilarimiz Tokio sport maydonlarida 8 ta sport turida gʻoliblik uchun kurash olib borishadi.
Tokio shahriga yoʻl olayotgan mamlakatimiz sport delegatsiyasini kuzatish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvoxitov ishtirok etdi.