Parijdagi olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik uchun 3 oyda 73,3 mlrd soʻm sarflandi

    Milliy olimpiya qoʻmitasi joriy yil iyul – avgust oylarida Fransiya poytaxti Parijda oʻtkaziladigan yozgi Olimpiya oʻyinlariga hozirlik koʻrayotgan sport federatsiyalariga birinchi chorak holatida qancha mablagʻ yoʻnaltirgani toʻgʻrisidagi maʼlumotni eʼlon qildi.

    Aytish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, sport federatsiyalari tomonidan “Parij-2024” Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda.

    Keltirilgan maʼlumotga koʻra, 2024-yilning birinchi choragi davomida “Parij-2024” Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrayotgan 20 ta sport federatsiyasi va uyushmalar taqdim etgan talabnomalar asosida mahalliy hamda xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari uchun 73 milliard 355 million 700 ming soʻm miqdoridagi mablagʻlar yoʻnaltirilgan va moliyalashtirilgan.

    Bundan tashqari, Olimpiya sport turlari boʻyicha federatsiya va uyushmalarning ustav xarajatlari, milliy terma jamoa sportchilari uchun anjom va maxsus inventarlar xaridi, ularning tibbiy-biologik taʼminoti, nufuzli turnir va chempionatlarda ishtiroki bilan bogʻliq xarajatlar ham davlatimiz tomonidan moliyalashtirib kelinmoqda.