Shu munosabat bilan mazkur ijod maskanining ochilish marosimini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish maqsadida jurnalistlar uchun press-tur ham tashkil etildi.
Tadbirda davlat va jamoat vakillari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent viloyat hokimligi, “Oʻzavtosanoat” AJ, taniqli ijodkorlar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari ishtirok etdi.
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-dekabr kuni Toshkent shahrida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga va A.Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga tashrifi davomida bergan topshiriqlarida, shuningdek, “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-apreldagi qarorida Toshkent viloyatida “Parkent ijod uyi”ni qurib foydalanishga topshirish vazifasi berilgan edi. Ushbu muhtasham inshoot “Oʻzavtosanoat” AJ tomonidan qurib bitkazildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov, Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayevning tabrigi eshitildi. Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Saidov, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir bugungi Yangi Oʻzbekistondagi adabiy islohotlar haqida gapirib oʻtishdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori milliy adabiyotimizni rivojlantirish va jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga ham juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada soʻnggi yillarda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilgani, ijodkorlar uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilayotgani, sohada yillar davomida toʻplanib qolgan dolzarb muammolarning qisqa fursatlarda hal etilayotgani buning yaqqol dalil ekanini taʼkidlab oʻtishdi.
Ilgari ijodkorlarning dam olishlari va ijod qilishlari uchun faqatgina “Doʻrmon” ijod uyi mavjud edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019-yili Jizzax viloyatining Zomin tumanida barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy ijod uyi qurib bitkazildi. Bu yerda ijodkorlarimiz dam olib, salomatligini tiklab, yangi asarlar yaratishi uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Oʻtgan vaqt mobaynida 157 nafar uyushma aʼzolari mazkur sanatoriyada imtiyozli narxlarda dam olishlari tashkil etildi.
Shuningdek, yangidan bunyod etilgan “Parkent” ijod uyining mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami oldidan foydalanishga topshirilayotgani adabiyot ahli uchun katta shodiyona boʻldi. Boisi, ushbu ijod maskani ijodkorlar tomonidan barhayot asarlar yaratilishiga, adabiy muloqotlarga guvoh boʻlishi, shubhasizdir. Bino zamonaviy andozalar asosida qurilgan boʻlib, 152 oʻringa moʻljallangan, 32 xonadan iboratdir. 2 gektar yer maydonida joylashgan inshoot ochiq va yopiq suv havzasiga, kutubxona, oshxona, choyxona hamda 150 oʻrinli amfiteatriga ega.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari “Parkent ijod uyi” bilan toʻliq tanishdilar, oʻzlarini qiziqtirgan savollariga tegishlicha javol olishdi. U yerda yaratilgan shart-sharoitlarga guvoh boʻlishdi.
Oromgoh hovlisida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Matbuot va axborot agentligi tomonidan yangi chop etilgan kitoblar koʻrgazma-savdosi tashkil etildi. Tadbir davomida “Buyuk oʻzbek yoʻli” publitsistik toʻplami, “Orzular xiyoboni” hikoyalar toʻplami, “Kelajakka boshlaydi ishonch” sheʼriy toʻplami hamda Turkiyada professor Munevver Tekjan tomonidan nashrga tayyorlangan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Zokirjon Mashrabov haqida yozilgan “Bobur izida oʻtgan bir umr” kitobining taqdimot marosimi ham boʻlib oʻtdi.
Ochilish marosimi el ardogʻidagi sanʼatkorlarning badiiy chiqishlari, shoirlarning vatanni ulugʻlovchi sheʼrlari bilan davom etdi.
Fozil FARHOD,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati rahbari