Suhbat avvalida Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.

Muloqotda qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalariga asoslangan Oʻzbekiston-Qirgʻiziston hamkorligining amaliy jihatlariga eʼtibor qaratildi.

Ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi, shu jumladan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi muntazam aloqalar izchillik kasb etib boryapti.

Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini taʼminlash, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishni maqsad qilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyasi samarali faoliyat yurityapti.

Muzokaralar chogʻida parlamentlarimiz hamkorligini yanada kuchaytirish boʻyicha 2024-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va imzolash, chegaraoldi viloyatlarning mahalliy Kengash deputatlari oʻrtasida hamkorlikni faollashtirish, parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham eʼtibor markazida boʻldi.

Taʼkidlanganidek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning yuqori dinamikasi kuzatilyapti. Oʻtgan 6 yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 7 barobarga oshdi. 2023-yil yanvar-avgust oylarida ushbu koʻrsatkich 700 million dollarga yetdi. Avtomobilsozlik, energetika, elektrotexnika va toʻqimachilik tarmoqlarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilyapti.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun yetarli salohiyat va barcha imkoniyatlar mavjudligi alohida qayd etildi.

Suhbat davomida ikki davlat transport-logistika imkoniyatlarini kengaytiradigan loyihalarni amalga oshirishda saʼy-harakatlarni birlashtirish, Toshkent va Bishkek shaharlarida savdo uylarini ochish kabi amaliy jihatlar muhokama etildi.

Tomonlar ikki qardosh xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishda madaniy-gumanitar aloqalar alohida oʻrin tutishini alohida qayd etdilar. Oʻsh shahrida Bobur nomidagi akademik teatrning yangilangan binosi ochilgani, nafaqat qirgʻiz eli, ayni paytda, butun turkiy xalqlar uchun ham aziz va qadrli boʻlgan mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatovning 95 yilligi bilan bogʻliq qator tadbirlar Oʻzbekistonda ham oʻtkazib kelinayotgani aytib oʻtildi.

Uchrashuv yakunida yaqin oʻzaro hamkorlikka va tajriba almashishga, turli darajadagi parlament delegatsiyalarining tashriflarini muntazam tashkil etishga, shuningdek, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston parlamentlari doʻstlik guruhlari va qoʻmitalari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi.

Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi Toragʻasi Nurlanbek Shakiyev Oliy Majlis Senatining faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.