“Adolat” SDP Matbuot xizmatining xabarida aytilishicha, bugungi yosh avlodning “Tik-toker” lik vasvasasida olayotgan turli-tuman videolari orasida oʻzgalar hayotiga daxl qiluvchi nomaqbul kadrlarning ham koʻpayayotganligi mazkur masalaga jiddiyroq yondashishimiz lozim.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan koʻchada ketayotgan kishini tepgan Samarqandlik yigit video tasviri ham shular sirasidandir. Biron bir sababsiz, shunchaki ijtimoiy tarmoq “yulduzi” boʻlish ilinjida qasddan qilingan ushbu tajovuzkorlik, koʻpchilikning noroziligiga sabab boʻlmoqda. Vaholanki, hech qanday omil yoshi ulugʻ insonlarga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlishga sabab boʻla olmaydi. Bunday holatlar millatimiz, maʼnaviy-madaniy qarashlarimizga tamomila zid tushunchalardir.
Azal-azaldan yoshlarni kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ruhida tarbiyalab keladigan xalqimiz orasida qadriyatlarimizga yot boʻlgan bunday xunuk odatlar avj olib borayotgani gʻoyatda achinarlidir. Mazkur voqea yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida videodagi holatni sodir etgan yigitlar Samarqand shahridagi 45-maktabning 8-sinf oʻquvchilari ekanligi aniqlanib, voyaga yetmagan yigitlarning ota-onalariga nisbatan tegishli choralar koʻrilgan.
Bir bolaga yetti mahalla ota-ona, - deydi dono xalqimiz. Yon-atrofimizda sodir boʻlayotgan bunday ayanchli voqealar koʻpayib borayotganiga qaysidir maʼnoda bebosh yoshlarning ota-onalari barobarida biz ham birdek javobgar emasmizmi? Bunday illatlarga birgalikda kurashmas ekanmiz, pana-panalarda mayda bezoriliklar avj olib boraveradi. Umuman olganda bunday holatlarni mayda bezorilik deb ham atab boʻlmaydi. Qadriyatlarimizga zid qarashlar ortidan ergashayotgan farzandlarimizning bunday xunuk xatti-harakatlarini shunchaki yoshlik beboshliklariga yoyib yuraverar ekanmiz, yurtimiz va davlatimiz yorqin kelajagini jiddiy xavf ostiga qoʻygan boʻlamiz.
Biz “Adolat” cotsial-demokratik partiyasi faollari zoʻravonlikka tamomila qarshi insonlar safida turib, yurtimiz ravnaqi yoʻlida xalqimizning oʻlmas, bebaho qadriyatlariga hamohang tarzda, yoshlarimizni millatimizga yod boʻlgan har qanday gʻoya va qarashlardan himoyalash tarafdorimiz. Bunday sharafli yoʻlda kerak boʻlsa jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirishimiz, foydasidan koʻra ziyoni koʻp boʻlayotgan internet tarmogʻidagi tik-tok singari mobil ilovalarni sodir boʻlayotgan koʻngilsiz voqea-hodisalarni hisobga olgan holda butunlay bloklashimiz lozim. “Shusiz ham taqiqlar mavjudku” deyishimiz mumkin. Biroq koʻr-koʻrona mashhurlikka oʻch yoshlar ongini zaharlab, ijtimoiy tarmoqda shuhrat qozonishga “oltin koʻprik” vazifasini oʻtayotgan tik-tok bilan “tik-tokerlar”imiz VPN ilovasi orqali ulanish imkoniyati borligi bu masalani ham oʻrganib chiqish zarurligini koʻrsatadi.
Xastalikni davolashdan koʻra, uning oldini olgan afzal. Shunday ekan berkitayotgan kasalligimizni isitmasi oshkor qilib turgan bir vaqtda haqiqatga tik boqaylik. Toki kun kelib arzimasdek koʻringan yaramiz kattalashib, butun boshli tanamizni yeb bitirmasin", deyiladi xabarda.