Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E.Muhitdinov, Rossiya Ichki ishlar vazirligining “Pasport-viza xizmati” federal davlat unitar korxonasi bosh direktori S.Mashin ishtirok etgan uchrashuvda Rossiya Federatsiyasida ishlash uchun patent rasmiylashtirish boʻyicha xizmatlarni Oʻzbekistonda tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda maʼlum qilindiki, “Pasport-viza xizmati” vakolatxonasining Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtish masalasi, yaʼni oʻzgartirishlar kiritilgan tashkilotning ustavi hozirda Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan birgalikda Oʻzbekistonda patentni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha maksimal xizmatlarni taqdim etilishi, moliyaviy xarajatlarni kamaytirish bilan birga “vijdonsiz vositachilar qoʻliga tushib qolish” nuqtayi nazaridan ularning xavfsizligini taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi.
S.Mashinning soʻzlariga koʻra, migratsiya roʻyxatidan oʻtkazish va tibbiy koʻrikdan tashqari patentni rasmiylashtirish boʻyicha deyarli barcha xizmatlarni Oʻzbekistonda tashkil etish mumkin.
Hisob-kitoblarga koʻra, Rossiyada patent olish bir haftadan koʻp davom etmaydi, kelgusida bu muddatni 2-3 kunga qisqartirish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda mamlakatimizda xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya mexanizmlarini joriy etish orqali tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini optimallashtirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar hamda ushbu sohada olib borilayotgan ishlarning uchta asosiy yoʻnalishlari – joʻnash oldidan tayyorgarlik, mehnat migrantlarini xorijda qoʻllab-quvvatlash, chet eldan qaytib kelgan mehnat migrantlarini birlashtirish haqida maʼlumot berildi.
Bundan tashqari, tomonlar Oʻzbekistondagi xizmatlarni tashkil etish masalalarini batafsil muhokama qildi. Xususan, Oʻzbekistonda tibbiy xizmatni tashkil etish masalasida Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan muzokaralar olib borilgan. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatish uchun Rossiyaning xususiy laboratoriyalarini jalb qilish imkoniyati oʻrganilib, bugungi kunda, “Xeliks” laboratoriyasi ushbu sohada Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan. Shu bilan birga, Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu laboratoriya faoliyatini Oʻzbekistonda tashkil etish imkoniyati toʻgʻrisida tegishli xulosa berishi kerak.
S.Mashin mehnat migrantlarini sugʻurtalash borasida Rossiyaning bir qator sugʻurta kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilganini va hozirga qadar “Rosgosstrax” va “Ingosstrax” tashkilotlari hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Xususan, sugʻurta polisi Oʻzbekistonda rasmiylashtiriladi va mehnat migranti Rossiyaga kirib kelganidan keyin oʻz faoliyatini boshlaydi.
Shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolarini Rossiyaga joʻnab ketishdan oldin taqiq bor-yoʻqligini tekshirish taklif qilindi. Pasportning notarial tasdiqlangan tarjimasi esa Rossiya qonunchiligiga binoan ushbu xizmat pasportning asl nusxasi va egasining oʻzi boʻlganda taqdim etilishi mumkin. Oʻzbekistonda tarjima qilish va uni sertifikatlash uchun (muhr, elektron imzo) Rossiya notariusiga yuborish kerakligi taklif etildi. Oʻzbekiston fuqarosi Rossiyaga kelganidan soʻng, pasportning asl nusxasini taqdim etgan holda tarjimasi bilan birga notarial tasdiqlangan nusxasini olishi mumkin.
Rossiya Ichki ishlar vazirligining “Pasport-viza xizmati” federal davlat unitar korxonasi xodimlarini aniqlash, ularga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan joy ajratish masalalari hal etildi. Rossiyada ishlash uchun patent rasmiylashtirish boʻyicha xizmatlarni Oʻzbekistonda tashkil etish uchun birinchi navbatdagi vazifalar “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga qaror qilindi, deb xabar beradi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.