Poytaxtimizdagi “Ishga marhamat” monomarkazida Rossiyaning Moskva shahridagi koʻp tarmoqli migratsiya markazi filiali ochildi. Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari, rossiyalik mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda qayd etilganidek, mehnat migratsiyasi bugungi globallashgan dunyoda tobora jadallashayotgan muhim jarayondir. Xalqaro tajriba koʻrsatmoqdaki, qayerda mehnat migratsiyasi toʻgʻri tashkil etilgan boʻlsa, bandlik va jamiyatdagi boshqa iqtisodiy-ijtimoiy muammolar oqilona yechim topmoqda. Shu bois, soʻnggi yillarda mamlakatimizda ham shu yoʻnalishda oʻz yechimini kutayotgan muhim masalalarni izchillik bilan hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 15-sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal boʻlmoqda. Mazkur hujjatda belgilangan vazifalar izchillik bilan ado etilishi natijasida bugungi kunga kelib xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish boʻyicha zamonaviy tizim yaratildi. Xorijda va yurtimizda mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoyalash, ularni va oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, aholini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Rossiyaning qator vakolatli tashkilotlari bilan mehnat migratsiyasi masalalari yuzasidan muzokaralar oʻtkazilib, hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda.
— Rossiya hududida ishlashda talab etiladigan patentni rasmiylashtirish mehnat migrantlaridan ortiqcha vaqt va xarajat talab etadi, — deydi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E.Muhiddinov. — Poytaxtimizda Moskvadagi koʻp tarmoqli migratsiya markazi filiali ochilishi Rossiyada ishlash istagidagi fuqarolar uchun bu borada katta qulaylik yaratadi. Ushbu filial orqali patent uchun talab etiladigan hujjatlarning aksariyat qismi Oʻzbekistonda topshiriladi.
Koʻp tarmoqli migratsiya markazi Moskva shahri va viloyatida ishlash istagidagi chet ellik fuqarolar uchun patent rasmiylashtirish xizmatini koʻrsatadi. Xususan, Rossiyada ishlash istagida boʻlgan fuqarolarni tanlash, kasbiy malakasini baholash, ish beruvchilar bilan suhbat tashkil etish, ushbu davlatga kirish va mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq taqiqlarni tekshirish, mehnat migrantlariga ishga joylashish, ishlash uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish, pandemiya bilan bogʻliq cheklovlarni inobatga olgan holda mamlakatda boʻlish tartiblari boʻyicha maslahat berish, ularning Rossiyaga kirib borishiga koʻmaklashish va boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumot ulashish kabi xizmatlar shular jumlasidandir.
Rossiyada ishlash istagidagi fuqaro ushbu filialda toʻldirgan birlamchi hujjatlar Moskva shahridagi koʻp tarmoqli migratsiya markaziga topshiriladi va tezlashtirilgan tartibda patent olish imkoniyati yaratiladi. Kelgusida filial faoliyatini kengaytirish, yurtimizning turli hududlarida xorijdagi shunday tashkilotlarning filiallarini ochish rejalashtirilgan.
Tadbir doirasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Moskva shahridagi “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi” hamda “Krost” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida fuqarolarni tashkillashtirilgan holda xorijga ishga jalb etish boʻyicha uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbir