Klasterlar faoliyatiga noqonuniy aralashish qatʼiyan man etiladi

    Agrosektor 30 Yanvar 2023 1072

    Prezidentning “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga koʻra:

    - mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatiga noqonuniy aralashish, ularning taʼsischilarini yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga chaqirish, fermerlar bilan boʻladigan munosabatlariga taʼsir oʻtkazish qatʼiyan man etiladi;

    - paxta-toʻqimachilik klasterlariga toʻrt tomonlama bitim doirasida olingan majburiyatlardan tashqari qoʻshimcha majburiyatlarni yuklash taqiqlanadi.

    2023-yil hosilidan har yili 1-oktyabrgacha paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan fermer xoʻjaliklari bilan kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirish boʻyicha fyuchers shartnomalari tuziladi (2023-yil hosili uchun 2023-yil 1-fevralga qadar).

    Shuningdek, 2023-yildan:

    - xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarini sotib olgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ular qiymatining 30 foizi qoplab beriladi;

    - paxta yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sugʻorishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi.

    2025-yil 1-yanvargacha import qilinadigan ayrim mineral oʻgʻitlarga bojxona bojining “nol” stavkasi qoʻllaniladi.