Paxtachida paxta yetishtirish boʻyicha katta maktab yaratilgan. Koʻp yillardan beri tajribali, yer bilan tillashadigan dehqonlar paxtadan salmoqli hosil olib, ilgʻorlikni qoʻldan bermay kelishmoqda.
Erta bahorda tuman dehqonlari yaxshi niyat bilan 8 ming 195 gektar yer maydoniga chigit ekishgan boʻlib, gʻoʻza parvarishida agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazgani bois, moʻl hosil yetishtirildi.
Mazkur tadbirlar ijrosi agroinspeksiyaning tuman boʻlimi tomonidan doimiy ravishda monitoring qilindi. Bugungi kunda maydonlarda paxta xom - ashyosi toʻliq pishib yetildi.
Erta ekkan, erta yigʻishtirar deganlaridek, tumanning “Barhayot Qurbon Rajabov” nomli MMTP hududida joylashgan “Yangi hayot 777” fermer xoʻjaligi tomonidan 17.9 gektar yer maydonida paxta yetishtirilgan boʻlib, tumanda birinchilardan boʻlib, paxta topshirish yuzasidan tuzilgan kontraktatsiya rejasini oshigʻi bilan uddalandi.
Tajribali fermer Umarjon Tojiyev boshchiligidagi xoʻjalik aʼzolari qisqa muddatlarda qabul maskanlariga 48,2 tonna sifatli paxta xom ashyosini topshirdi. Birinchi terimdanoq har gektar yerdan 30 sentnerdan hosil yigʻishtirib olindi.
Fermer xoʻjaligi paxta maydonlarida yigʻim-terim ishlari qizgʻin davom etmoqda, “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.