Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Prezident taʼlim muassasalari agentligi huzurida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etildi. Bugungi kunda markaz pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida bir nechta nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Jumladan, Cambridge Assessment International Education (Buyuk Britaniya) hamda PDQ (Professional Development Qualification) bilan kasbiy rivojlanish loyihasi ustida ishlar olib borilmoqda. Mazkur loyihani birinchi bosqichda Prezident maktablarida, keyingi bosqichlarda esa ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida, istiqbolda barcha umumtaʼlim maktablariga joriy etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Portsmut va Nottingem Trent universitetlari bilan rahbar kadrlar va ingliz tili fan oʻqituvchilari malakasini oshirish borasida oʻzaro hamkorlik masalalari yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari:

Agentlik tizimidagi rahbar va pedagog xodimlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirish kurslarini xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etish;

xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalaridagi oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini baholash va sertifikatlash;

Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtkazish hamda milliy sertifikatlash tizimini ishlab chiqish va joriy etish;

Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari oʻquvchilarining taʼlimdagi yutuqlarini taʼlim dasturlariga asoslangan holda baholashni ilmiy-metodik jihatdan taʼminlash, takomillashtirib borish, taʼlim sifatini baholash natijalari boʻyicha ilmiy asoslangan xulosa va takliflarni Agentlik, Xalq taʼlimi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlarga taqdim etib borish;

taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohalariga doir innovatsion loyihalarni amalga oshirish;

ilmiy faoliyat, pedagogik mahorat va baholash sohasida xalqaro aloqalarni oʻrnatish, hamkorlikdagi loyihalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

Agentlik tizimidagi pedagog kadrlarning malakasini oshirishga qoʻyiladigan davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish.