Bugun yangi Oʻzbekistonni bunyod etish maqsadida barcha sohalar qatori taʼlim tizimida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz bundan ikki yil avval Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Biz keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni oʻzimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, Uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak”, deb yurtimiz taʼlim-tarbiya sohasining strategik vazifasini belgilab bergan edi.

Oʻtgan davrda taʼlim sifatini yaxshilash, ustozlar shaʼni va obroʻsini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar bajarildi. Ayniqsa, pedagoglarning samarali mehnat qilishi uchun sharoit yaratish, moddiy farovonligini taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bugun har bir professor-oʻqituvchi, murabbiy davlatimiz koʻrsatayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan minnatdorlik sezmoqda, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida ham toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish aynan taʼlim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgani buning yorqin isbotidir.

Taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri uchun poydevor yaratish oʻz-oʻzidan pedagogika sohasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olishni taqozo etadi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, mamlakatimizda “Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda maʼrifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrlarini milliy uygʻonish gʻoyasiga bagʻishlab, oʻlkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni gʻaflat botqogʻidan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdilar. Shu yoʻlda ular oʻzlarining aziz jonlarini ham qurbon qildilar”.

Jadidlarning asosiy maqsadi “Turkistonni faqat ilmu maʼrifatgina ijtimoiy-madaniy, siyosiy-iqtisodiy tanglikdan xalos etadi”, degan gʻoyani roʻyobga chiqarishga qaratilgan edi. Shu sababli ular oʻz gʻoyasini xalq orasida keng targʻib qilish uchun ona tilida taʼlim beradigan yangi usul maktablarini ochgan, darsliklar yozgan, gazeta-jurnallar chop ettirgan, teatr truppalari tashkil etgan. Loʻnda qilib aytganda, taʼlim-tarbiya sohasiga innovatsiyalarni joriy etish yoʻlida jonbozlik koʻrsatgan.

Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonovning izdoshi sifatida Abdulla Avloniy jadid maʼrifatchiligini yuqori bosqichga koʻtarish, ilmiy pedagogikani milliy taʼlim-tarbiya qonuniyatlari va tamoyillari bilan boyitish, taʼlimning xalqchilligi va ommaviyligiga erishish kabi masalalarga eʼtibor qaratgani yangi Renessans pedagogikasining ustuvor yoʻnalishlari bilan hamohangdir. Abdulla Avloniy 1913-yilda nashr etilgan “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarida “Pedagogiya”, yaʼni bola tarbiyasining fani demakdir”, deb pedagogika faniga oʻzbek ziyolilari orasida birinchi boʻlib aniq va toʻgʻri taʼrif bergan.

Pedagogika fani jamiyat tomonidan belgilangan talablar asosida inson kapitalini yaratishga xizmat qiladi. Buning uchun esa pedagogika fani jamiyat rivojining strategiyasi va ustuvor yoʻnalishlariga toʻliq mos keladigan taʼlim-tarbiya mazmuni, shakl, metod, vosita va texnologiyalarini ishlab chiqishi hamda uni amalga oshirish mexanizmlarini aniq belgilab berishi lozim.

2021-yil 28-dekabr kuni Prezidentimiz raisligida maktab taʼlimini rivojlantirish, 2022-yil 17-yanvar kuni maktablarda taʼlim-tarbiya sifatini oshirish, ixtisoslashtirilgan maktab lar faoliyatini takomillashtirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlarida belgilab berilgan vazifalar bevosita oliy pedagogik taʼlim sohasida keng miqyosdagi oʻzgarishlar va yangilanishlar bilan hamohangdir. Maktab taʼlimini rivojlantirish, eng avvalo, zamonaviy fikrlaydigan, kreativ va tashabbuskor pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan isloh qilishni talab etadi. Jumladan:

birinchidan, xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda, pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim mazmuni va oʻqitish shakllariga oʻzgartirishlar kiritish zarurati mavjud. Bu oʻzgarish 4+2 cxemasi asosida nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlashni taqozo etadi. Boʻlajak pedagoglar haftaning 4 kunida oliy taʼlim muassasasida pedagogika, psixologiya, umumtaʼlim fanlari boʻyicha zaruriy bilimlarni oʻzlashtirsa, 2 kun egallangan bilimlarni maktab amaliyotida qoʻllash orqali kasbiy layoqatga ega boʻlishiga erishiladi. Buning uchun pedagogik taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejalarida amaliyot soatlari dual taʼlimga qoʻyiladigan talablar asosida belgilab berilishi maqsadga muvofiq;

ikkinchidan, bugungi kunda pedagogik taʼlim sohasida ham kredit-modul tizimi asosida oʻquv jarayoni davom etmoqda. Biroq mazkur jarayonni tashkil etish va amalga oshirishda kreditlar toʻplash masalasiga katta eʼtibor qaratgan holda, modulli oʻqitish texnologiyasiga ustuvorlik berish asosida taʼlim mazmunini ishlab chiqish eʼtibordan chetda qolmoqda. Taʼlim mazmunini takomillashtirmasdan esa oʻqitish sifatiga erishib boʻlmaydi. Buning uchun kredit-modul tizimiga asoslangan taʼlim mazmuni modulli yondashuv talablariga toʻliq javob berishi lozim. Boshqacha aytganda, biror-bir taʼlim tizimining shaklga asoslanib joriy etilishi koʻzlangan natijani bermaydi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, pedagogika taʼlimi sohasiga joriy etilayotgan yangi tizimga mos ravishda oʻqitish mazmuni ham tubdan oʻzgarishi kerak. Shu oʻrinda yana bir jihatga eʼtibor qaratish lozim. Ilgʻor xorijiy tajribalar koʻrsatadiki, kredit-modul tizimiga asoslangan oʻquv rejalarida talabalarning bir semestr davomida oʻqiydigan fan (modul)lari soni 4-5 tadan oshmaydi. Pedagogika yoʻnalishlarining amalda mavjud oʻquv rejalarida esa talabalarning bir semestrda oʻqiydigan fanlari soni 10-12 tagachani tashkil etadi. Fan (modul)lar soni sunʼiy oshirilishi, oʻz navbatida, talabalarning mustaqil bilim olishida ham qiyinchiliklar keltirib chiqaradi;

uchinchidan, talabalarning mustaqil taʼlimini tashkil etish kredit-modul tizimining muhim tarkibiy qismidir. Bu tizimning bosh gʻoyasi shuki, “oʻrganishga oʻrgatish”, “bajarishga oʻrgatish” mustaqil taʼlim orqali amalga oshadi. Chunki kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa tizimi talablariga koʻra, modullar boʻyicha oʻquv yuklamasining 60 foizi mustaqil taʼlimdan iborat boʻlishi lozim. Shuningdek, talabalarning mustaqil taʼlimini tashkil etish boʻyicha namunaviy nizom ham ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq;

toʻrtinchidan, maktab taʼlimiga raqamli texnologiyalar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Pedagogika yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalar maktabda amaliyot oʻtashi uchun mediasavodxonlikka ham ega boʻlishi talab etiladi. Afsuski, pedagogika taʼlimi sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish ham talab darajasida emas. Mazkur jarayon moddiy-texnik taʼminot yetarliligi bilangina oʻlchanmaydi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, boʻlajak pedagoglarda axborot-kommunikativ va raqamli kompetensiyani shakllantirishga erishish talab etiladi;

beshinchidan, pedagogika yoʻnalishida tahsil oladigan talabalarning xorijiy tillardan kamida ikkitasini bilishi mustaqil oʻzlashtiriladigan malaka talabi sifatida belgilanishini davrning oʻzi taqozo etmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, chet eldagi oliygohlarda xorijiy til oʻrgatilmaydi. Aksincha, talaba boʻlish uchun xalqaro doirada keng qoʻllanadigan chet tillardan birini mukammal bilish talab etiladi. Afsuski, bizda pedagogika yoʻnalishida tahsil oluvchi talabalarning xorijiy til boʻyicha savodxonligi juda past. Buning uchun oliy taʼlim muassasalarida til muhitini qaror toptirishga alohida eʼtibor qaratish lozim. Afsuski, hatto pedagogika oliy taʼlim muassasalarida ochilgan qoʻshma fakultetlarda ham “til muhiti” samarali emas. Mazkur fakultetlarda taʼlim tiliga mos infratuzilmani yaratish zarur;

oltinchidan, pedagogika oliy taʼlim muassasalari maktab bilan doimiy hamkorlikda ishlashi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Yillar davomida ish beruvchilar pedagoglar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalarini sifatli kadr tayyorlamaslikda ayblab keladi. Lekin bir jihatni hisobga olish kerak: pedagogik tajriba yillar davomida toʻplanadi. Shuning uchun pedagog tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari bilan maktablarning uzviy aloqasini taʼminlab turadigan tizimni yaratish kerak. Prezidentimiz mazkur masalada ham amaliy ahamiyatga ega taklif berdi, yaʼni pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalarida maktablarga metodik xizmat koʻrsatadigan mobil guruhlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish lozimligi alohida qayd etildi. Bu orqali pedagogika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning maktab taʼlimiga keng joriy etilishiga erishiladi. “Mobil metodik guruhlar”ning maqsadi umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchilarining metodik, ijtimoiy-pedagogik va psixologik kompetentligini rivojlantirishdan iborat boʻlishi lozim;

yettinchidan, mamlakatimizda Prezident maktablari, matematika va fizika fanlari boʻyicha 126 ta, kimyo-biologiya boʻyicha 87 ta, axborot texnologiyalari yoʻnalishida 99 ta, xorijiy tillar boʻyicha 207 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi. Pedagogika yoʻnalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni saralab, maqsadli ravishda mazkur maktablar uchun oʻqituvchilar tayyorlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish ham alohida dolzarblik kasb etadi;

sakkizinchidan, oliy taʼlim muassasalarida talabalarning qiziqish va xohish-istaklari asosida toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish anʼanaviy ish shakli sifatida qoʻllab kelinayotgan boʻlsa ham real amaliyotda ular oʻzini oqlayapti, deb boʻlmaydi. Shuning uchun tyutorlar rahbarligida talabalar ishtirokini taʼminlagan holda maktablarda toʻgaraklar ishini hamkorlikda yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq. Birinchidan, maktablardagi toʻgaraklar faoliyati yaxshilanadi, ikkinchidan, talabalar bevosita amaliyot jarayonida oʻzi qiziqqan yoʻnalishlarda tadqiqot obyektining oʻzida izlanish olib borish imkoniga ega boʻladi;

toʻqqizinchidan, pedagogika taʼlim sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarida belgilab berilgan yana bir masala — pedagoglik kasbiga qiziqishi yuqori boʻlgan yoshlarni aniqlash hamda ularni maqsadli tayyorlab, tarbiyalab borishning uzluksiz tizimini joriy qilishga yetarlicha eʼtibor qaratilmayapti. Mazkur masalani muvaffaqiyatli hal etish uchun zaruriy choralarni koʻrish orqali motivatsion yoʻnalganlikka ega yangi avlod “kelajak muallimlari”ni tayyorlash imkoniyati mavjud. Umumiy oʻrta taʼlimning oʻrta bosqichi (10-11-cinflar)da pedagogik sinflarni tashkil etish mexanizmlarini ishlab chiqish va jadal amalga oshirish lozim;

oʻninchidan, pedagogik taʼlim sohasining jozibadorligini oshirish uchun mazkur yoʻnalishda taʼlim xizmatlari sohasini samarali yoʻlga qoʻyish lozim. Moliyaviy va akademik mustaqillikka bosqichma-bosqich oʻtish uchun pedagogika oliy taʼlim muassasalarida ham integratsiyalashuv jarayonini kuchaytirish kerak. Xorijiy tajribani oʻrganish orqali pedagogika oliy taʼlim muassasalari huzurida maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktablarni tashkil etish ham byudjetdan tashqari mablagʻlar ishlab topish, ham dual pedagogik taʼlimni yoʻlga qoʻyish imkoniyatini yuzaga chiqaradi;

oʻn birinchidan, pedagogika oliy taʼlim muassasalarida kredit-modul tizimi joriy etilishiga qaramay, professor-oʻqituvchilarning vaqt meʼyorlari yangi tizimga moslashtirilmagan. Mazkur holat ham kredit-modul tizimini amaliyotga joriy etishda muayyan qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Oʻquv yuklamalarining haddan ziyodligi talabalar bilan maslahat — kontakt soatlarini toʻliq bajarish imkonini bermaydi. Kontakt soatlari esa ayni paytda professor-oʻqituvchining oʻquv yuklamasi tarkibiga kirmaydi. Buning uchun kredit-modul tizimida oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilar tarkibining oʻquv yuklamasi hamda oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlarini belgilash qoidalarini yangidan ishlab chiqish lozim;

oʻn ikkinchidan, zamonaviy iqtisodiy-ijtimoiy shart-sharoitlar va kredit-modul tizimi imkoniyatlarini hisobga olgan holda, oliy pedagogik taʼlimning bakalavriat bosqichida ikki va undan ortiq ixtisoslik boʻyicha mutaxassislar tayyorlash amaliyotini joriy etishga alohida ehtiyoj mavjud. Prognostik yondashuv asosida pedagog kadrlar tayyorlash ehtiyojini real talablar bilan muvofiqlashtirib borish, pedagogika oliy taʼlim muassasalari va ish beruvchilarning talablari oʻrtasidagi boʻshliq bartaraf qilinishi lozim. Ayni paytda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining boshlangʻich sinflarida tabiiy fanlar oʻquv predmetini oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa ham pedagogika oliy taʼlim muassasalarida integrallashgan tabiiy fanlar oʻqituvchisi ixtisosligi boʻyicha kadrlar tayyorlanmaydi. Bu esa boshlangʻich sinflarda mazkur fanni oʻqitish samaradorligi pasayishiga olib kelishi mumkin;

oʻn uchinchidan, pedagogika oliy taʼlim muassasalarida maktab muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash boʻyicha amaliy-tadqiqiy laboratoriyalar tashkil etishga ayni paytda alohida zarurat mavjud. Aslida ham pedagogika oliy taʼlim muasssalari har jihatdan umumiy oʻrta taʼlimdagi islohotlardan oʻzib ketishi va innovatsion jarayonlarga mobil boʻlishi lozim. Buning uchun pedagogik prognostik tadqiqotlar oʻtkazilishi va uning natijalari monitoring qilib borilishi lozim. Aynan mazkur jarayon orqali pedagogika oliy taʼlim muassasasi va maktab hamkorligini jadal yoʻlga qoʻyish mumkin.

Yangi taraqqiyot sari odimlar ekanmiz, maktab taʼlimining drayveri — oʻqituvchilarni tayyorlashga masʼul pedagogika oliy taʼlim muassasalari uchun Prezidentimiz tomonidan olgʻa surilgan “Najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — bilimda” gʻoyasi dasturulamal boʻlib xizmat qilmogʻi lozim.