“Oʻquvchilarini kasb-hunarga yoʻnaltirish jarayonida nemis tilining ahamiyati” loyihasi doirasida joriy yil 16-20-avgust kunlari “Hamkorlikdagi sifatli taʼlim – kelajakdagi muvaffaqiyat garovi” mavzusida xalq taʼlimi tizimida faoliyat olib borayotgan 30 nafar pedagoglar va psixologlar uchun seminar-trening boʻlib oʻtadi.

Bugun, 16-avgustda seminar-treningni ochilish marosimi tashkil etildi. Ochilish marosimida Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Voxobjon Rajapov, Oʻzbekistondagi Gyote Instituti direktori Yan Xelfer, Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va “Knauf Gips Buxara” MCHJ xodimlari ishtirok etdi.

Seminar-trening davlatimiz rahbarining oʻquvchilarini kasb-hunarga yoʻnaltirishning yangi tizimini yaratish borasidagi muhim tashabbusi doirasida tashkil etilgan boʻlib, kasb-hunarga yoʻnaltirish usullarini muhokama qilish, sohada xalqaro tashkilotlar va taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish maqsadida oʻtkazilyapti.

Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari seminar-trening ishtirokchilariga maktablarda oʻquvchilarini kasb-hunarga yoʻnaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan ishlar, yuksak bilimli va zamonaviy fikrlaydigan yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirishda, taʼlim muassasalarida mehnat qilayotgan pedagog xodimlarning kasbiy bilim va mahoratini oshirish boʻyicha joriy etilayotgan yangiliklar toʻgʻrisida maʼlumot berdi, deb xabar beradi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati.

Mazkur seminar-trening 20-avgustga qadar davom etadi.