Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi tegishli qarori bilan mazkur imtiyoz amaliyotga joriy etildi. Unga koʻra:
2026-2027-oʻquv yilidan boshlab — har yili davlat oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirgan hamda tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari uchun toʻlov-kontrakt summasiga 30 foiz miqdorida chegirma joriy etiladi.
Chegirma davlat oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlariga tatbiq etiladi.
Pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMlarida toʻlov-kontrakt asosida tahsil olayotgan boʻlsa, chegirma har bir farzand uchun alohida qoʻllaniladi.
Pedagog farzandlari toʻlov-kontrakt shartnomasi olish yuzasidan kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza yuboradi.
Arizani koʻrib chiqish jarayonida ariza beruvchining pedagog farzandi ekanligi “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tasdiqlanganda, chegirma avtomatik tarzda qoʻllaniladi. Arizalar masʼul tashkilot tomonidan 2 ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.
Pedagog farzandlariga mazkur chegirma oʻquv yili uchun bir marotaba qoʻllaniladi. Pedagog farzandlarining otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda, keyingi oʻquv yilidan boshlab unga chegirma qoʻllash toʻxtatiladi.
Mazkur chegirma:
oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlarida;
Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallarida;
qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida;
xorijiy hamkor OTMlarning qoʻshma taʼlim dasturlari asosida va fakultetlarida;
nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.