Muloqotda uyushma rahbariyati mamlakatimizda xorijiy investorlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, erkin iqtisodiy zonalar va eksportyor korxonalarga davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar xususida batafsil maʼlumot berdi.
Oʻz navbatida “Dekos” kompaniyasi Oʻzbekistonda biznesni yoʻlga qoʻyish uchun hukumat tomonidan yetarlicha imkoniyatlar yaratilganini qayd etdi. Kompaniya rahbari Aleksandr Sinyakov respublikamiz hududlari jumladan, Toshkent shahri, Namangan va Fargʻona viloyatlarida boʻlib, charm-poyabzal va charm-attorlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi korxonalariga tashrif buyurdi. Ishlab chiqarish jarayonlari hamda tayyor mahsulotlar bilan yaqindan tanishdi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerak, “Dekos” kompaniyasi “Pellecon” brendi ostida tabiiy va sunʼiy charmdan charm-attorlik buyumlarini ishlab chiqaradi.
Muloqot davomida Rossiya kompaniyasi Oʻzbekistonda yangi korxona ochish boʻyicha tashabbus bildirdi. Mazkur korxonada sifatli va eksportga yoʻnaltirilgan charm-attorlik buyumlari ishlab chiqariladi. Shuningdek, Rossiyalik mutaxassislar ishtirokida mahalliy kadrlarni malakasini oshirish boʻyicha ishlar amalga oshiriladi.
Uchrashuv yakunida yangi korxonani ochish boʻyicha zarur boʻlgan tashkiliy va amaliy masalalar atroflicha muhokama etildi deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.