Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi qaroriga muvofiq, barcha turdagi pensiya va nafaqa toʻlovlari naqd shaklda beriladi yoki fuqarolarning roziligi asosida bank kartasiga oʻtkazilishi belgilangan.
"Pensiya jamgʻarmasi tomonidan pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarni bank kartalariga majburan oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarlar asossiz boʻlib, barcha harakatlar fuqarolarning xohish-istaklari va roziligi asosida amalga oshirilib kelinmoqda", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, 2021-yil 3-fevraldagi prezident farmoni bilan pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Pensiya jamgʻarmasining tegishli boʻlimiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtirish joriy etilgan.