Piskentda korxona rahbari va sobiq bank boshqaruvchisi 9 mlrd soʻmlik kreditni talon-toroj qilishdi

    Kredit mablagʻlarini “P.” MCHJga oʻtkazish orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilgan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Piskent tuman boʻlimi tomonidan “Mikrokreditbank” ATB Piskent filialining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Kh.S.” va “A-B.” MCHJlar rahbari N.S. va boshqalar ushbu bank filiali sobiq boshqaruvchisi R.M. bilan oʻzaro til biriktirib, boshqa bank filialida garovga qoʻyilgan mulklarni qalbaki hujjatlar asosida takroran garovga qoʻyish orqali tadbirkorlik va chorvachilik faoliyatini rivojlantirish uchun jami 9 mlrd soʻm kredit ajratilishiga erishib, mazkur mablagʻlarni “P.” MCHJga oʻtkazish orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) 28, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 233-moddasi (band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.