Piskent tumani «Koʻlota» mahallasidagi “MGA STAR GOLD” MCHJ faoliyati aynan temir chiqindilarini zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlab, tarkibida temir oksidi boʻlgan pigment ishlab chiqarishga moʻljallangan.
Ayni vaqtda korxonada ishlab chiqarishni boshlash uchun tayyorgarlik ishlari olib borilyapti. Bu yerda temir oksididan boʻyoq pigmenti, lok, keramika, toʻqimachilik va temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Kelgusida MDH mamlakatlariga eksport qilinishi rejalashtirilgan ushbu mahsulotlar sifati jihatidan Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.
Korxonaga 2,3 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish belgilangandi, lekin amalda 40 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi. Ayni vaqtda 60 nafar mahalliy yoshlar ish bilan taʼminlangan. Korxona toʻliq quvvat bilan faoliyat boshlagach, 200 ta ish oʻrni yaratiladi. Bir kecha-kunduzda 20 tonna, yiliga 7200 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.
– Ish uch smenada tashkil etiladi. Shu bois, ishchilar oylik maoshdan tashqari, transport, oziq-ovqat bilan ham taʼminlanadi. Jamoaga mahalliy aholi vakillari jalb etiladi, – deydi korxona bosh muhandisi Olim Sulaymonov.
Eʼtiborlisi, xomashyosi metall chiqindilardan iborat boʻlgan korxonada aholining temir-tersak va qora metallar chiqindilarini topshirishdan moddiy manfaatdorligini oshirish ham yoʻlga qoʻyiladi.