Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerakki, “Planet Industry” oʻzining salmoqli salohiyati, shu jumladan, uzoq yillik tajribaga, juda katta malakaga ega texnik xodimlari bilan shu kunga qadar Markaziy Afrika, Fors koʻrfazi mamlakatlari, shuningdek, Osiyoning boshqa davlatlarida sanoatning charm-poyabzal yoʻnalishida xalqaro hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Shuningdek, tabiiy charmdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilishda oʻz hamkorlariga koʻmaklashib keladi.

Uchrashuvda Italiya kompaniyasiga bugungi kunda Oʻzbekistonda xorijiy investorlarga yaratilgan shart-sharoitlar, davlat tomonidan berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, respublikamizning investitsiya va eksport salohiyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

“Planet Industry” kompaniyasi taʼsischisi Doriano Adami respublikamiz viloyatlarida boʻlib, charm-poyabzal korxonalari faoliyati, mahsulotlar sifati bilan yaqindan tanishgan. Xususan, “Nafis-Charm”, “Peng Sheng”, “Orient Tehnology” kabi korxonalarga tashrif buyurib, terini qayta ishlash jarayonlarini bevosita kuzatdi. Shuningdek, fermer xoʻjaliklarida, yirik va mayda shoxli qoramolni soʻyishga ixtisoslashtirilgan kushxonalarda boʻldi.

Uchrashuvda kompaniya rahbari Oʻzbekistonda aynan charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va investorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan strategiyani alohida ijobiy taʼkidlab, Oʻzbekistonda Italiya texnologiyasiga asoslangan yangi qoʻshma korxona ochish niyatida ekanligini bildirdi. Yangi korxona terini qayta ishlashdan tortib to tayyor poyabzal ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni oʻz ichiga oladi.

Yangi qoʻshma korxonada tayyorlanadigan tayyor charm toʻliq shu korxonaning oʻzida tayyor mahsulot holiga keltiriladi. Tayyor poyabzallar esa tashqi bozorga, asosan Italiya va Yevropa bozorlariga eksport qilishga yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, Doriano Adami hududlardagi mavjud korxonalarda mahsulot ishlab chiqarishga moʻljallangan Italiya liniyalarini barpo etishga ham qiziqish bildirdi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.