“Oʻzbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot“ yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida shu haqda maʼlum qilingan.
Amalga oshirish mexanizmi
Taklif etilayotgan yangi tizim 2026-yildan boshlab amaliyotga tatbiq etilishi mumkin. Bunda plastik mahsulot ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilar yoki qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan plastik chiqindilarni yigʻib olish, saralash va qayta ishlash tashkil etiladi. Yirik savdo obyektlari, supermarket, gipermarket, bozorlarda plastik taralarni qabul qiluvchi (fandomatlar) uskunalar oʻrnatiladi.
Korxonalar va import qiluvchilar uchun bosqichma-bosqich ishlab chiqaruvchilarning kengaytirilgan majburiyatini yuklash tizimi amaliyotga tatbiq etiladi. Misol uchun, alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi korxona plastik taralarini 2026-yildan — 50 foizga, 2027-yildan — 75 foizga va 2028-yildan 100 foizga utilizatsiya qilish majburiyatini oladi.
Xalqaro tajriba
BMT tomonidan 2022-yil 2-martda plastik bilan ifloslanishni qisqartirish, dengiz muhitini va ekotizimni muhofaza qilish boʻyicha rezolyutsiya qabul qilingan. Rezolyutsiyaning asosiy tamoyillari etib plastikdan foydalanishni kamaytirish, “ifloslantiruvchi toʻlaydi” tamoyilini joriy etish, qayta ishlatish va qayta ishlashni oʻz ichiga olgan aylanma iqtisodiyotga oʻtish belgilangan.
Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari hamda “Barqaror rivojlanishga koʻmaklashish” Markazi tadqiqotlari va takliflariga koʻra, plastik chiqindilarni boshqarishda ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarga ishlab chiqaruvchilarning “kengaytirilgan majburiyati” tizimini qoʻllash tavsiya etilgan.
Yevropa Ittifoqining “Chiqindilar toʻgʻrisida” hamda “Qadoqlash va qadoqlash chiqindilari toʻgʻrisida”gi direktivalariga muvofiq, Yevropa Ittifoqida mahsulotlarni yigʻish, qayta ishlash va yakuniy utilizatsiya qilish majburiyatlarini mazkur mahsulotni ishlab chiqaruvchiga yuklovchi ishlab chiqaruvchining kengaytirilgan javobgarligi tamoyili joriy etilgan boʻlib, shu yoʻsinda ishlab chiqaruvchi atrof-muhit uchun bezarar qadoqlash turlaridan foydalanishi ragʻbatlantiriladi. Ushbu tizimning tatbiq etilishi tajribasini Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlarida, shu jumladan, MHDning Rossiya, Belarus va Qozogʻiston misolida kuzatish mumkin.
Kutilayotgan natija
Ushbu tizimning amaliyotga joriy etilishi yiliga 1,2 mln tonna plastik chiqindilarni qayta ishlash va takror foydalanishga jalb qilish yoʻli bilan ikkilamchi moddiy resurslarning toʻplanishi va foydalanilishi darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Chiqindixona va poligonlarga joylashtiriladigan chiqindilar miqdorini qisqartirish hamda poligonlarning foydalanish muddatini uzaytirish ham bu jarayondagi muhim jihatlardan biridir.
Yana bir ahamiyatli tarafi shundaki, chiqindilarning hosil boʻlishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishining hajmi boʻyicha aniq statistik maʼlumotlar shakllantiriladi. Plastik mahsulotlarni toʻliq qayta ishlashga jalb etish issiqxona gazlarini (SO(2) 75 foizgacha qisqartirishga imkon beradi.
Chiqindilarni qayta ishlovchi mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, chiqindilarini utilizatsiya qilish va qayta ishlash boʻyicha yangi quvvatlarni rivojlantirish ham boradagi asosiy maqsad sanaladi.
Plastik chiqindilarning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirishga, jumladan, yuqori nafas yoʻllari, asab tizimi, yurak, qon-tomir va allergik kasalliklarning qisqartirilishiga erishiladi.
Eslatib oʻtamiz, Prezident Farmoni loyihasi “Oʻzbekiston-2030” xalq strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan. Loyiha 2025-yil 22-yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan oʻtkaziladi. Unda siz ham faol ishtirok etib, oʻz taklif va mulohazalaringizni uzbekistan2030.uz onlayn portali hamda @Ekologiya_yili_bot telegram boti orqali yuborishingiz mumkin!