Birgina Olmazor tumanining oʻzida qiymati 100 milliard soʻm boʻlgan 52 ta davlat obyekti savdoga chiqarilmoqda. Ularni tayyor biznes loyihalari bilan birga tadbirkorlarga taklif etish budjet tushumlari va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, aholining koʻproq piyoda yurishi, sport bilan shugʻullanishi va ochiq havoda dam olishi uchun zamonaviy infratuzilma yaratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Qichqiriq mahallasida 2,5 kilometr soyboʻyi hududida ekosayilgoh va 12,5 kilometr piyodalar yoʻlagi tashkil etilgan. Bu aholi orasida ertalab badantarbiya qilish va kechqurun piyoda sayr qilish odatini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Poytaxtdagi kanal va katta ariqlar boʻyini aholi uchun ochiq va xavfsiz sayr hududiga aylantirish taklif qilindi. Jumladan, Boʻzsuv kanalining Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha boʻlgan qismida 20 kilometrlik uzluksiz piyodalar yoʻlagini tashkil qilish imkoniyati mavjud.

Bu borada bir oy ichida alohida loyiha ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.