Xususan, ushbu nashrlarda “Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatning yanada yorqin kelajagiga umid bildirdi”, “Oʻzbekiston Prezidenti Kosonda fermerlar bilan uchrashdi” va “Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarning kasb-hunarga boʻlgan intilishini qoʻllab-quvvatladi” sarlavhalari ostida qator maqolalar chop etilgan.

Nashrlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz tashrifi dasturi doirasida, jumladan, Koson tumanidagi “Koson” fermer xoʻjaligi dalasida boʻlib, bugʻdoy va paxta yetishtirish jarayoni bilan yaqindan tanishgani haqida soʻz yuritilgan.

82 gektarlik fermer xoʻjaligi ushbu ikki mahsulotni yetishtirishga ixtisoslashgan. Oʻtgan yili har gektardan 41 sentnerdan ziyod paxta va 70 sentnerdan ortiq gʻalla hosili olingan, deya taʼkidlaydi National Herald Tribune.

Maqolada aytilishicha, Qashqadaryo qishloq xoʻjaligidagi eng katta muammolardan biri suv yetishmasligidir. Shu bois yomgʻirlatib va tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

“Koson” xoʻjaligida 23 gektar bugʻdoy maydoni yomgʻirlatib sugʻoriladi. Joriy yilda yana 23 gektar maydonga yomgʻirlatib, 30 gektar paxta maydoniga tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etiladi. Natijada 46 ming kub metr suv va 11 tonna mineral oʻgʻitlar tejaladi. Bu yerda suvdan foydalanish tizimini takomillashtirish loyihalari ham muhokama qilindi. Oʻzbekiston rahbari klasterlarning yerlarini suv bilan taʼminlash uchun davlat-xususiy sheriklikni yoʻlga qoʻyish zarurligini urgʻuladi”, - deb yozadi Pokiston nashrlari.