Pokistonning Eronga yo'llagan raketa zarbalari oqibatida yetti kishi halok bo'ldi

    Pokiston Eronning janubi-sharqiy qismiga raketa zarbasini berdi. Oqibatda yetti kishi qurbon bo'ldi.

    Fars axborot agentligining Siston va Balujiston viloyati gubernatorining xavfsizlik va huquq-tartibot masalalari bo'yicha o'rinbosari Alirizo Marhamatiga tayanib xabar berishicha, Pokiston bilan chegaradosh aholi punktida Eron fuqarosi bo'lmagan yetti nafar fuqaro Pokistonning raketa hujumlari oqibatida halok bo'lgan.

    Avvalroq Frans Press agentligi Pokiston razvedka xizmati vakiliga tayanib, harbiylar Eron hududiga “Pokistonga qarshi guruhlar”ga qarshi zarbalar bergani haqida xabar bergan edi.

    “Bugun taxminan soat 4:30da bir nechta portlash ovozi eshitildi... Chegaradagi qishloqlarimizdan biri Pokistondan raketa hujumiga uchradi... Hodisa oqibatida Eron fuqarosi bo'lmagan uch nafar ayol va to'rt nafar bola halok bo'ldi”, dedi Marhamati.

    Uning so'zlariga ko'ra, yana bir portlash Siston va Balujiston viloyatining Seravon shahri yaqinida sodir bo'lgan, qurbonlar yo'q.

    Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi seshanba kuni Pokistonning Eron bilan chegaradosh Belujiston viloyatida joylashgan “Jaysh al-Adl” terrorchilik guruhining asosiy bazasiga ballistik raketa va uchuvchisiz uchish apparati zarbasi berilganini e'lon qildi.

    Islomobod Tehron hujumini keskin qoraladi va chorshanba kuni u yerdan o'z elchisini chaqirib oldi, shuningdek, Eron diplomatik missiyasi rahbari hozircha Pokistondagi faoliyatini davom ettira olmasligini qayd etdi, deb xabar beradi ria.ru.