Po'latdan mustahkam, o'rgimchak to'ridan ham nozik

    Bu – ipak tolasiga berilgan ta'rif. Ta'bir joiz bo'lsa, sohaning o'zi haqida ham xuddi shunday desak bo'ladi.

    Zero, so'nggi to'rt yil mobaynida ushbu tarmoqda amalga oshirilayotgan ishlar davlat ko'magidek mustahkam asosda, pillachilikning barcha nozik jihatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda. Bu yo'nalishdagi asosiy qadam esa Prezidentimizning 2017 yil 29 martdagi “O'zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida boshlangan edi. SHundan so'ng o'tgan to'rt yil mobaynida soha rivojiga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. eng asosiysi ularning ijrosi qat'iy nazoratga olindi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 sentyabrdagi “O'zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako'lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni va “O'zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi qarori bilan sohadagi davlat boshqaruvi organi – Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasining tashkil etilishi tarmoq taraqqiyotining sifat jihatdan yangi bosqichini belgilab berdi.

    Natija ham shunga yarasha. Jumladan, 2020 yil yakunlari bo'yicha pillachilikda yilda 4 mavsumda 403,5 ming quti ipak qurti parvarishlanib, 21,4 ming tonna pilla xomashyosi etishtirildi. “O'zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar soni 91 taga etkazildi, shundan 11 tasi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi qo'shma korxonalardir. Olib borilgan ishlar natijasida 2020 yilda 76,5 million dollarlik ipak mahsulotlari eksport qilindi. YA'ni, pillachilik sanoati mamlakatimizga aynan shuncha foyda keltirdi, degan so'zdir. Joriy yilda esa sohada eksport hajmi yil yakunida 86,7 million AQSH dollariga etishi kutilmoqda.

    Sohadagi bandlik – alohida masala. Jumladan, o'tgan yili tizimda respublika bo'yicha jami ish bilan band bo'lganlar soni 761 ming nafarni tashkil qildi. Joriy yilda yangi ish o'rinlari yaratilishi hisobiga jami 862,5 ming nafar aholi sohaga qamrab olinadi. Bu strategik ahamiyatga ega sohaga berilayotgan e'tibor samarasining muayyan jihati, xalos. Agar uning ijtimoiy-iqtisodiy va innovatsion yo'nalishdagi qo'shimcha natijalarini ham hisobga oladigan bo'lsak, so'nggi yillarda pillachilikni rivojlantirish bo'yicha olib borilayotgan islohotlar naqadar muvaffaqiyatli bo'lganini isboti bilan ko'ramiz. Vaholanki, bor-yo'g'i to'rt yil avval vaziyat mutlaqo boshqacha edi.

    2016 yilga kelib yillar davomida e'tiborsizlik tufayli mamlakatimizning pillachilik sohasidagi salohiyatining ancha qismi yo'qotilgan edi. Viloyatlarda mavjud zavodlar xomashyo kamligi bois bor-yo'g'i 2-3 oy ishlar, ipak tolasi va boshqa materiallardan yuqori qo'shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish to'g'risida umuman so'z yuritilmas edi. Bandlik ham shunga yarasha past, faqat mavsumiy bo'lgandi. Raqamlar har qanday vaziyatning eng xolis guvohi. Jumladan, 2016 yilda qayta ishlash korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 17,9 foizni tashkil etgan, eksport hajmi 21 million dollarga teng bo'lgan. eksport geografiyasi esa bor-yo'g'i 4 ta davlatdan iborat edi. Bugun bu raqamlar bizga erish tuyulishi tabiiy. CHunki islohotlar boshlangandan beri, ya'ni keyingi to'rt yil mobaynida bu ko'rsatkichlar bir necha barobarga ortibgina qolmay, sohada ko'plab yangiliklar ham joriy etildi. Ulardan eng birinchisi – ipak qurtining avvalgidek bir emas, balki to'rt mavsumda boqilishi bo'ldi. Ushbu marraga erishish uchun islohotlar avvalo pillachilik ozuqa bazasini mustahkamlashdan boshlandi.

    Bunda 4 yil avval mamlakatda mavjud tutzorlar xatlovdan o'tkazilib, yangi plantatsiyalar barpo etishga kirishildi. Natijada, 2017-2019 yillarda 2 248,5 ming gektar er maydonida yangi tutzorlar tashkil etilib, ular maydoni 48,5 ming gektarga, yakka qator tutlar soni esa 79,7 million tupga etkazildi. 2020 yilda mavjud tutzorlar 50 272,8 gektarga, yakka qator tut daraxtlar soni 85 493,7 ming tupga etkazildi. 2017-2020 yillarda jami 181 014,1 ming tup tut ko'chatlari ekildi. 2021 yilda ham ozuqa bazasini mustahkamlash ishlari davom ettirilmoqda. Jumladan, joriy yilda tutzorlar maydoni 56 ming gektarni tashkil etishi rejalashtirilgan.

    Ozuqa bazasi mustahkam bo'lgandan so'ng pilla hosili ham ortadi. Qayta ishlash korxonalarini pilla xom ashyosi bilan mutanosib ravishda ta'minlash natijasida ularning mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 2018 yilda 84 foizga, (2017 yilda 54,0 foizni tashkil etgan), 2019 yilda 95-96 foizga, 2020 yilda 100 foizdan ortiqqa ko'tarildi. Hozirda yangi pillani qayta ishlash zavodlariga bo'lgan ehtiyojni hisobga olgan holda 2021 yilda qator yangi korxona ishga tushirilishi belgilangan va rejadagi ishlar izchil amaga oshirilmoqda.

    SHunisi e'tiborliki, pillachilikda ozuqa bazasini mustahkamlash uchun avvalo aholi manfaatdorligini oshirish tamoyili qo'llanildi. Jumladan, pilla boquvchi oilalar a'zolariga tut ekish va parvarishlash sharti bilan 30 sotix va undan ortiqroq er maydonlari pilla qator oralaridan sabzavot etishtirish uchun uzoq muddatli foydalanishga ajratilishi aholi manfaatdorligini tubdan oshirdi. SHu bilan bir qatorda, o'tgan yildan xuddi shu faoliyat uchun kollej va maktablarni bitirgan yoshlarga ham er ajratila boshlandi. Natijada joylardagi tut plantatsiyalari soni bir necha barobarga oshdi, qolaversa, tut daraxtlarining payhon qilinishi va kesib ketilishining oldi olindi. Jumladan, 2020 yilda 34,2 ming gektar tutzorlar oralig'iga qishloq xo'jaligi ekinlari ekilgan. Qishloq joylardagi oilalar esa kattagina daromad manbaiga ega bo'ldi. CHunki, kattagina er maydonlarida etishtirilgan sabzavotlar to'lig'icha oilalarning o'ziga qoladi. Bu ham bo'lsa pillachilikning ijtimoiy foydali jihatlaridan biri.

    Umuman, pillachilik tarmog'i bugungi zamon talabiga mos ravishda ravnaq topmoqda. Uning yana bir ijtimoiy-iqtisodiy jihati bevosita turizm rivoji bilan bog'liq. Jumladan, aksariyat hollarda xunarmandlarning qo'l mehnati bilan to'qilgan bir biridan go'zal matolar, ipak kashtachilik san'ati namunalari, shoyi gilamlar har qanday sayyohning qalbini rom etadi, saxiy quyosh nurlari ostida tovlangan go'zallikni o'zi bilan olib ketishga ishtiyoq uyg'otadi. Mamlakatimiz esa bundan yaxshigina foyda ko'radi, hunarmandlar mehnati ham munosib rag'bat topadi. Buning samarasida asrlar osha bizgacha etib kelgan an'analar saqlanadi, yoshlarning milliy hunarmandchilik an'analariga qiziqishi ortadi. Qolaversa, pillachilik korxonalari qoshida tashkil etilayotgan hunarmandlar markazlari, mehmonxonalar, milliy buyumlar do'konlari va boshqa ob'ektlar mamlakatimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, pillachilikda chiqitsiz ishlab chiqarishni rivojlantirish – bu soha rivojining yana bir muhim yo'nalishi. SHunisi e'tiborliki, hozirda mamlakatimiz bo'ylab ishlab turgan 74 ta korxonaning har birida pilladan tola ajratib olish jarayonida kamida 15 tonna suv ishlatiladi. Pilla suvda yumshab tarkibidagi 18 xil aminokislota va fibrin, seritsin moddalari erib uning tarkibini boyitadi.

    Shu paytgacha ushbu boyitilgan suv to'liq kanalizatsiya tarmog'iga oqizilgan. Ilk bor meni o'ylantirgan narsa ham shu bo'ldi. 2017 yilda o'zim rahbar bo'lgan korxonada bir tajribani sinab ko'rmoqchi bo'ldim. Ishlab chiqarishdan chiqqan suvni oqova tarmoqqa emas, tutzorga chiqib ketadigan qilib qo'ydik. Natijada tutlar misli ko'rilmagan darajada barq urib, rivojlandi. Ayniqsa tut bargining namligi yuqori bo'ldi. Tut bargining tezda qurib qolmasligi ozuqaning isrof bo'lmasligini ta'minlaydi. CHunki barg qurimasa, ipak qurti uni oxirigacha eydi, chiqit qoldirmaydi. Bu tajribani boshqa korxonalarda ham qo'lladik. Hozirda ipak sanoati korxonalarining har biri qoshida issiqxonalar va tutzorlarda ishlab chiqarishdan chiqqan suvlardan to'liq foydalanish yo'lga qo'yildi. SHunisi e'tiborliki, boyitilgan suvdan ekin etishtirishda foydalanish o'g'itga ehtiyoj qoldirmaydi.

    Bundan tashqari, pillani qayta ishlash korxonalari bug' bilan ishlaydi. Avvallari issiq bug' shunchaki havoga chiqarilardi. Hozirda esa pillani qayta ishlash tsexlaridan chiqqan bu resurs maxsus quvurlar yordamida issiqxonalarni isitishda foydalanilyapti. Natijada yoqilg'iga sarflanadigan xarajatlar bo'lmaydi, foyda ustiga foyda bo'ladi.

    Yuqorida keltirilganlar – bu pillachilik rivoji bilan bog'liq foydali, daromadli jihatlarning ayrimlari, xolos. Tarmoq davlatning ishonchli elkasiga suyangan holda tobora mustahkamlanib, o'sib borayotgani aholi turmush farovonligi umumiy darajasiga ijobiy ta'sir qilib, ushbu soha ravnaqiga qaratilgan siyosat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng muhim vazifalarini hal qilishini ortiqcha tushuntirishning hojati yo'q. Pillachilik klasterlarining o'tgan yilgi daromadi ham buning yorqin dalili bo'ldi. Vaholanki, bu aynan to'rt yil avval boshlangan va bugungi kunda avj pallaga kirgan islohotlarning natijasi va mahsulidir.

    Bahrom SHARIPOV,

    O'zbekiston Respublikasi Pillachilik va

    qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi raisi