Uchrashuvda hamkor mamlakat kompaniyalari vakillari Oʻzbekistonning Polshaga yil davomida quritilgan oʻrik, qora va sariq mayiz, yongʻoq va kunjut urugʻlarini eksport qilish imkoniyatlari bilan tanishdi.

Tadbir doirasida quritilgan mevalar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston ushbu sohadagi salohiyati bilan Polsha importchilari uchun sifat, narx va uzluksiz yetkazib berish imkoniyatlarini hisobga olgan holda yangi istiqbolli sherik mamlakatga aylanishi mumkinligi taʼkidlandi.

Suhbat davomida Polsha kompaniyalari rahbarlari joriy yil sentyabr oyining ikkinchi yarmida Oʻzbekistonga safar qilish, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida quritilgan mevalar ishlab chiqaruvchi ishbilarmonlar bilan muzokaralar olib borish hamda istiqbolli shartnomalar tuzish niyatida ekanliklarini tasdiqladi.

Birgina quritilgan mevalarning Polshadagi yirik importchisi boʻlgan Roman Olchak rahbarligidagi “Ambasador-92” kompaniyasi Oʻzbekistondan oyiga 100-120 tonnagacha quritilgan mevalarni xarid qilish istagini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.