Chet el tajribasi boʻyicha oʻquv dasturlari ishlab chiqish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror asosida Toshkent davlat transport universiteti rektorati bu sohada xorijiy mamlakatlarning yetakchi olimlari va amaliyotchilari guruhini shakllantiradi.

Mamlakatimizning Varshavadagi diplomatiya vakolatxonasida elchi Bahrom Boboyev Slavomir Vroblevskiy bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muloqot chogʻida polshalik mutaxassis shu paytga qadar Samarqand shahridagi Xalqaro turizm universitetining Menejment va turizm fakulteti dekani, qator xorijiy mamlakatlarda, jumladan, Yevropa Ittifoqi eksperti, London oliy biznes maktabining marketing va sayyohlik boʻyicha oʻqituvchisi, Qozogʻistondagi Xalqaro biznes maktabi professori sifatida faoliyat koʻrsatganini maʼlum qildi.

Hozirgi paytda Slavomir Vrablevskiy Yevropa Ittifoqining Phare Biznes turizm dasturi brend-menejeri hisoblanadi.

Uchrashuvda Slavomir Vrablevskiy Polsha va Yevropa oliy oʻquv yurtlari uchun ishlab chiqilgan, ayniqsa, logistika va transport kommunikatsiyalari sohasida Yevropaning ilgʻor tajribasi bilan maksimal darajada toʻyintirilgan qoʻshma taʼlim dasturlarini ilgari surish uchun koʻmak koʻrsatishga tayyor ekanligini aytdi.

Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida Polsha mutaxassislarining ishtiroki tobora kengayib boryapti. Masalan, 2017-yildan buyon Toshkent davlat agrar universitetida polshalik mutaxassislar muntazam ravishda “Zamonaviy agrar texnologiyalari” fanidan dars berib kelyapti, 2021-yil aprel oyida esa Andijon shahrida Varshava Menejment universitetining filialini ochish toʻgʻrisidagi hukumat qarori qabul qilingan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.