Pop tumanida “Hazratibob” va “Mirishkor” kichik sanoat zonalariga tamal toshi qo'yildi

    Mamlakatimizda 24 Noyabr 2020 1064

    Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov Pop tumanida “Hazratibob” va “Mirishkor” kichik sanoat zonalariga tamal toshi qo'yish marosimida ishtirok etdi. 

    46 ta loyihani o'z ichiga olgan kichik sanoat zonalarida 1,5 mingdan ortiq yangi ish o'rni yaratiladi. Loyihalarning umumiy qiymati 190 millard so'mga teng.

    “Hazratibob” va “Mirishkor” mahallalarida, umumiy maydoni 13 gektar bo'lgan hududda tashkil etilayotgan sanoat zonalari tekstil` mahsulotlari, charm sanoati, qurilish materiallari, oziq-ovqat va meva-sabzavotlarni qayta ishlash kabi yo'nalishlarni qamrab olgan.

    Viloyat hokimi har bir ishbilarmonning loyihasi bilan tanishar ekan qurilish ishlarini tezkorlik bilan boshlash, faoliyatni yo'lga qo'yish muhimligini bildirdi.

    –Hududlarda tashkil etilishi ko'zda tutilayotgan kichik sanoat zonalari viloyat iqtisodiyoti, sanoati va infratuzilmasida muhim o'rin tutadi. Pop tumaninida barpo etilayotgan mazkur kichik sanoat zonalari ham ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi. Minglab yurtdoshlarimizning bandligi ta'minlanadi, –dedi viloyat hokimi.

    Yangi ishlab chiqarish liniyalariga asos solish, bo'sh ish o'rinlarini yaratish, viloyat rivojiga munosib ulush qo'shish singari ezgu maqsadlar bugun Pop tumanida 50 nafarga yaqin tadbirkorni birlashtirdi.