Namanganda suv manbalari serob boʻlgani bilan, suv tejovchi texnologiyalarni birinchi navbatda shu hududda joriy qilish shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yilda 60 ming gektarda suv tejovchi texnologiyani joriy qilish va 40 ming gektarni lazerli tekislash yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatma berildi.

Shuningdek, viloyatdagi kanallarni betonlash, “Chorkesar”, “Zarkent” va “Isparon” suv omborlarini qurish, “Chust” va “M-2” kanalini taʼmirlash masalalari koʻrib chiqildi.

Namangan qulay iqlim sharoitiga ega, bu yerda azaldan meva-sabzavotchilik rivojlangan.

Lekin, meva-sabzavot eksporti mavjud imkoniyatga mos emas. Agar ish toʻgʻri tashkil qilinsa, eksportni 3-5 barobar oshirish mumkinligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan meva-sabzavot eksportini koʻpaytirib, eksport geografiyasini kengaytirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Dehqonlarga berilgan 18 ming gektarga karantin inspektorlari bogʻlanib, eksportbop mahsulotlar yetishtirish tashkil etiladi, 54 ming gektarning agrokimyoviy xaritasi ishlab chiqilib, 18 ming gektari “GSP+” talablariga moslashtiriladi.

Viloyatda meva-sabzavotning atigi 8 foizi, goʻshtning 28 foizi va sutning 9,5 foizi qayta ishlanadi.

Kosonsoy va Chortoq meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan boʻlsa-da, birorta qayta ishlash korxonasi mavjud emas. Mingbuloq, Norin, Chortoq va Popda meva-sabzavot va sut, Namangan va Chortoqda goʻshtni qayta ishlash quvvati yetishmaydi.

Yil yakunigacha meva-sabzavotni qayta ishlash yoʻnalishida 62 ta loyihani ishga tushirish, Kosonsoy va Popda yirik chorvachilik klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, Popda asal ishlab chiqarish boʻyicha yirik korxonani tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.